Polina va Mariya Yevropada o‘ynaydi
Tennis bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining ikki nafar a’zosi — Polina Kudermetova va Mariya Timofeyeva bu hafta Yevropadagi nufuzli xalqaro turnirlarda ishtirok etadi.
Avstriyada o‘tayotgan “WTA 500” toifasidagi musobaqaning saralash bahslarida Mariya Timofeyeva ilk bosqichda neytral maqomdagi tennischi Alina Charayevani 1:6, 6:3, 6:3 hisobida mag‘lub etdi. Endi u sovrin jamg‘armasi 1 million 206 ming 446 AQSH dollarini tashkil etuvchi ushbu turnirning asosiy to‘riga chiqish uchun hal qiluvchi bahsda germaniyalik Tamara Korpatshga qarshi 6-aprel kuni kortga chiqadi.
Polina Kudermetova esa Ispaniya poytaxti Madrid shahrida bo‘lib o‘tayotgan WTA125 toifasidagi “Grand Prix Open” turnirida ishtirok etadi. Sovrin jamg‘armasi 115 ming AQSH dollarini tashkil etuvchi mazkur musobaqada tennischimiz asosiy to‘rning ilk bosqichida misrlik Mayar Sherifga qarshi bahs olib boradi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA