Pokiston va Xitoy dengiz hamkorligini kuchaytirmoqda
O‘tgan hafta Xitoyning Sindao shahrida o‘tkazilgan Dengiz hamkorligi forumida Pokiston rasmiylari va olimlari faol ishtirok etdi. Bu haqda axborot hamkorimiz “Associated Press of Pakistan” xabar bergan.
Anjumanda Pokiston, Xitoy, Shri-Lanka, Bangladesh, Maldiv orollari va Janubiy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan 100 ga yaqin vakil jamlanib, dengiz fani, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash hamda barqaror “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Tadbir yakunida Pokiston va Xitoy mintaqaviy aloqasini mustahkamlashga qaratilgan yagona hamkorlik tashabbusi qabul qilindi.
Ishtirokchilar 3 asosiy yo‘nalish – okean va iqlim kuzatuvi, tabiiy ofatning oldini olish, dengiz ekotizimini himoya qilish hamda resursdan samarali foydalanish bo‘yicha fikr almashdi. Pokiston Okeanografiya milliy instituti bosh direktori Na’matulla Soho va Lasbela qishloq xo‘jaligi, suv va dengiz fani universiteti rektori Abdul Malik ma’ruza qilib, ummon muhofazasi va xodimlar tayyorlashda Xitoy tomoni ko‘rsatayotgan ulkan yordamni alohida e’tirof etdi.
Pokistonlik mutaxassislar ta’kidlashicha, yaqin oylarda okean muhitini muhofaza qilish va ekologik loyihalar amalga oshirish bo‘yicha muayyan amaliy qadamlar tashlanishi kutilyapti.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA