Pokiston Prezidentining matbuot kotibi O‘zAda (+video)
O‘zbekiston – Pokiston aloqalari so‘nggi yillarda yangi bosqichga chiqdi. Davlat rahbarlarining o‘zaro tashriflari, strategik sheriklikka oid kelishuvlar va hamkorlikka oid bayonotlar buni yaqqol tasdiqlaydi. Har ikki davlat mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash uchun qat’iy siyosiy iroda namoyish qilmoqda.
Asrlar davomida ikki mamlakat va xalq bir-birining ma’naviy, intellektual va madaniy yuksalishini boyitib kelmoqda. Bu aloqalar rivojida OAVning ham alohida hissasi bor.
Ma’lumki, shu kunlarda Pokiston Islom Respublikasi Prezidentining matbuot kotibi va OAV masalalari bo‘yicha maslahatchisi Murtazo Solangiy boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda bo‘lib turibdi. Mehmonlar diyorimizga tashrifi doirasida dastlab ko‘hna va boqiy Buxoroni ziyorat qilishdi. Shuningdek, poytaxtimizdagi Milliy kutubxonada o‘tkazilgan pokistonlik yozuvchi Muhammad Abbos Xonning “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans – taraqqiyot konsepti” nomli kitobi taqdimotida qatnashdi. Janob Solangiy ushbu asar haqida fikr bildirarkan, “davlat va siyosat arbobi Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Uchinchi Renessans poydevorini yaratish g‘oyasi insoniyatni hamkorlikka chorlash, tinchlik va muloqot kabi qadriyatlarga asoslangan buyuk o‘zgarishlar loyihasi, shuningdek, vaqt izmiga bo‘ysunmas abadiy g‘oyalardan biri sifatida taqdim etilgani”ga alohida e’tibor qaratdi.
Pokistonlik mulozim mamlakatimizning yetakchi OAV faoliyati bilan tanishish jarayonida, jumladan, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov bilan uchrashdi.

Suhbat avvalida mehmonga turli sohalar qatori yurtimiz media makonida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar, xususan davlatimizning yetakchi rasmiy axborot agentligi faoliyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Tomonlar bugungi tezkor davr talabidan kelib chiqib, zamonaviy yuqori texnologiyalar imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda, hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorliklarini bildirdilar.
O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi mushtarak munosabat, ayniqsa, madaniyat, san’at, turizm kabi sohalarda jadal rivojlanayotgani, ayni jarayonda har ikki mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar xususida muntazam axborot almashish muhimligi qayd etildi.
O‘z navbatida, mehmon mavjud aloqalarning bugungi darajasini yuqori baholab, so‘nggi yillarda o‘zaro hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi. Ikki va ko‘p tomonlama sheriklik faollashishida mamlakatlarimiz yetakchilari o‘rtasida shakllangan o‘zaro ishonchga asoslangan yaqin do‘stlik hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotganiga urg‘u berdi.
Pokiston vakili boy tarixiy va ma’naviy merosga ega O‘zbekistonning jahon sivilizatsiyasi, islom madaniyati va ilm-fani taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasini chuqur hurmat bilan e’tirof etdi. Shuningdek, Samarqand va Buxoro nafaqat islom olami durdonalari, balki butun mintaqa madaniy-ma’naviy makonini shakllantirgan muhim markazlar ekanini ta’kidladi.
– O‘zbekistonga bir necha bor kelganman, 2022 yil SHHT Davlat rahbarlari kengashi sammitida ham ishtirok etgandim, – dedi Pokiston Prezidenti matbuot kotibi Murtazo Solangiy. – Samarqanddagi o‘zgarishlar menda chuqur taassurot qoldirdi. Bu zamin bugungi kunda tarixiy merosga hurmat va zamonaviy urbanizatsiya jarayonini uyg‘unlashtirgan holda, mamlakat taraqqiyoti namunasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Muloqot chog‘ida tomonlar ko‘p qirrali hamkorlikning boshqa dolzarb jihatlari bo‘yicha ham fikr almashdilar.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/5DKxBtfq_HQ" title="Pokiston Prezidentining matbuot kotibi O‘zAda " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘.Alimov, D.Yoqubov (video), O‘zA