Pokiston bosh vaziri jamiyatni kitobxonlikka chaqirdi
Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif “Jahon kitob kuni” munosabati bilan aholiga murojaat qilib, o‘lkada kitobxonlik madaniyatini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. U kitoblar bilim, tafakkur va ma’naviy o‘sishning eng muhim manbai bo‘lib qolishini qayd etdi.
Bosh vazir o‘z nutqida kitobxonlar, yozuvchilar, nashriyotchilar, o‘qituvchilar va talabalarni bayram bilan qutlab, mamlakat ziyolilari va pedagoglarning jamiyat intellektual rivojiga qo‘shgan hissasini alohida e’tirof etdi. Bu haqda O‘zA hamkori “APP” axborot agentligi yozdi.
Sharifning fikricha, kitoblar insonni yangi g‘oyalar va turli qarashlar bilan tanishtiradi, tanqidiy fikrlashni shakllantiradi va bag‘rikenglik, tinchlik kabi qadriyatlarni mustahkamlaydi. U bu fazilatlar barqaror va taraqqiy etgan jamiyat uchun asos bo‘lishini ta’kidladi.
Shu bilan birga, u raqamli davrda ham kitob o‘qish ahamiyati kamaymagani, aksincha, yanada muhimlashganini aytdi. Yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni ommalashtirish, foydali adabiyotlarni o‘qish imkoniyatini kengaytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini qo‘shimcha qildi.
Musulmon Ziyo, O‘zA