Pochta xizmati takomillashmoqda
Milliy matbuot markazida «O‘zbekiston pochtasi» aksiyadorlik jamiyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining o‘rniga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Milliy matbuot markazida «O‘zbekiston pochtasi» aksiyadorlik jamiyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining o‘rniga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
«O‘zbekiston pochtasi» aksiyadorlik jamiyati pochta va kurerlik jo‘natmalarini tarqatish va yetkazib berish, pul o‘tkazmalari, davlat pensiya va nafaqalarini to‘lash uchun mo‘ljallangan pochta aloqasi hamda pochta xizmati obyektlarining keng tarmog‘ini tashkil etadi. Shu bois sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va yuqori malakali kadrlar tayyorlash milliy operator faoliyatining muhim yo‘nalishidir.
Prezidentimizning 2012-yil 21-martdagi «Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
O‘tgan davrda komputerlashtirilgan pochta aloqa obyekti soni 1728 taga yetdi.
Pochta aloqa obyektlari jamiyatning korporativ komputer tarmog‘idagi «Elektron pul o‘tkazmalari», «To‘lovlarni qabul qilish tizimi», «Pensiya to‘lovlari hisob-kitobi va nazorati tizimi», «Ro‘yxatga olinuvchi pochta jo‘natmalarini nazorat qilish tizimi» va «Obuna» avtomatlashtirilgan tizimlariga bog‘langan.
Avtomatlashtirish tizimlarining joriy etilishi pochta aloqasi xizmatlari sifatining yaxshilanishiga ham ijobiy ta’sir o‘tkazmoqda. Bu borada pochta tizimining xalqaro «PRIME» tizimiga ulanishi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Mazkur tizim e’tiroznoma tushgan xalqaro posilkalarni tez va samarali qidirish bo‘yicha Butunjahon pochta ittifoqining «IBIS» xalqaro axborot tizimiga hamda xalqaro xat-xabarlar, jumladan, buyurtmali, qiymati e’lon qilingan va Express jo‘natmalarni qidirishda e’tiroznomalarni pochta operatorlari o‘rtasida elektron shaklda almashish imkonini beradi. Ushbu tizimdan foydalanishning yo‘lga qo‘yilishi, pochta operatorlari o‘rtasida e’tiroznomalar almashinuvini tezlashtirishga xizmat qiladi.
Xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish maqsadida jamiyatning www.post.uz va www.pochta.uz saytlari doimiy ravishda modernizatsiya qilinmoqda.
Aholining davriy nashrlarga obunasini tashkil etishda elektron to‘lov tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. Buning natijasida fuqarolar plastik kartochkalari yordamida «O‘zbekiston pochtasi»ning internetdagi sayti orqali gazeta va jurnallarga obuna bo‘lishlari mumkin bo‘ladi.
Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.