Plastik idishlar qulay, talabgir, ammo xavfli
Bugun ko‘chalar, transport yoki bekatda, xiyobonlar, ko‘p qavatli uylar atrofida, hatto bolalar bog‘chasi yonidagi o‘rindiqlarda ham yerda ag‘anab yotgan plastik idishlarga ko‘zimiz tushmadi.
Issiqdan chanqagan odam do‘kondan muzdek suv olib ichadi va bo‘shagan idishni duch kelgan joyga otib ketaveradi.
So‘nggi paytda dunyo olimlari plastik chiqindilardan qutilishning turli yo‘llarini taklif qilmoqda. Xususan, plastik idishlarni yig‘ib, qayta ishlansa, qurilish materiallari, kiyim-kechak tikish uchun sintetik tolalar olish mumkin ekan.
Mamlakatimizda ham bu boradagi ishlar allaqachon boshlab yuborilgan. Plastik idishlar, turli chanqovbosti ichimliklarning qadoqlarini yig‘ib yurganlarni ko‘p ko‘rganmiz. Katta qoplarga tiqilgan “baklajka”larni eshak-aravaga ortib ketayotganlarga ko‘zimiz tushadi. Ular plastik idishlarni qabul qiluvchi shoxobchalarga topshirishadi. Qanday tirikchilik qilish, pul topish har kimning o‘z ishi. Bundaylarning hatti-harakatlariga zarracha e’tiroz yoki qarshiligimiz yo‘q. Gap muddati o‘tgan plastik idishlarni sotib olib, undan o‘z biznesini yuritishda foydalanayotgan “tadbirkorlar” haqida.

“Baklajka” savdosi ayniqsa, sut, qatiq, qaymoq sotuvchi ayollar uchun qo‘l kelishini aytib o‘tmasak bo‘lmaydi. Poytaxtimizning Qo‘yliq dehqon bozoridagi sut-qatiq mahsulotlari sotiladigan rastalarda bunday idishlardan foydalanish taqiqlab qo‘yilgan bo‘lsada, uddaburon sotuvchilar nazoratchilarning ko‘zlarini shamg‘alat qilib, bizneslarini yo‘lga qo‘yish niyatida bo‘ladi. Ayniqsa, ertalab yo‘l chetiga qator tizilishib o‘tirib olib savdo qiladigan “sut”chi xolalarga bu idish juda qo‘l keladi.
— O‘tkan kuni bozordan bir litr sut sotib olgandim, —deydi o‘zini Gulnora, deb tanishtirgan xaridor. — Sotuvchi ayol sut yangi, o‘zimning sigirimniki, desa ishonibman. Uyga borib qarasam, allaqachon aynigan ekan. Bugun bozorda sutchi ayolni topib, voqeani aytsam, “Sut yangi, ammo idish (baklajka) eskiligi uchun shunday bo‘lgan. Uni ko‘chadan sotib olgandim”, deya tushuntirish berdi. Sotuvchi ayolning insofi bor ekan. Zararni qoplab, pulimni qaytardi. Bundan keyin bunday idishga solingan narsalarni sotib olmaslikka qaror qildim.

Harqalay, xaridor pulini qaytarib oldi. Biz esa foydalanish muddati o‘tgan idishning inson sog‘lig‘i uchun zarari yo‘qmi, degan savol bilan shifokorga yuzlandik.
— Bir martalik yelim idishlardan ko‘p marotaba foydalanish inson organizmida xavfli kasalliklar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi, — deydi oliy toifali shifokor Mamlakat Shamsiyeva. — Chunki ularni tayyorlashda turli kimyoviy moddalardan foydalaniladi. Ayniqsa, onalar issiq kunlari “baklajka”ga yaxna choy quyib, farzandining sumkasiga solib qo‘yadi. Yana “baklajkangni bog‘chada qoldirib kelmagin”, deya tayinlashni ham unutishmaydi. Bunday idishga qayta-qayta issiq suv yoki choy quyilishi natijasida uning tarkibidagi kimyoviy moddalar eriydi. Natijada ular bolalarda angina, diareya, gerpes, allergiya, oshqozon yarasi kabi kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Bolaning ongida har doim eski “baklajka”ni yo‘qotib qo‘ymay, asrash zarur, degan o‘y yuradi. Bunday idishlarni asrash nafaqat bolaning organizmiga, balki uning asab tizimiga ham ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi.
Korxonalarda sut mahsulotlari bir martalik qog‘oz-karton idishlarda qadoqlanib, so‘ng savdoga chiqariladi. Biz bu idishlardan istasak-istamasak qayta foydalana olmaymiz. Va u tashlab yuborilganidan keyin ham tabiatga zarar yetkazmaydi.
Dunyoda eng ko‘p talabgir ichimlik bu — suv. Shunday ekan bugungi kunda ichimlik suvlari qadoqlanayotgan bir martalik idishlarning sog‘liq uchun zararli ekanini hisobga olib, olimlar uning sifat standartini ishlab chiqarishsa ayni muddao bo‘lardi.
Nigora Rahmonova O‘zA.