Piyoz va sarimsoqpiyoz eksporti oshmoqda
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish yiliga o‘rtacha 9-10 foizga o‘smoqda.
Shuningdek, mahsulotning eksport hajmi ham yildan-yilga ortmoqda. Jumladan, meva-sabzavot va uzum mahsulotlari ishlab chiqarish 1,6 baravarga, go‘sht mahsulotlari – 1,4 baravarga, sut mahsulotlari – 1,4 baravarga oshdi.
Bunda esa 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida qishloq xo‘jaligidagi islohotlarni yanada jadallashtirish borasidagi islohotlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, Prezidentimizning 2017 yil 9 oktyabrda qabul qilingan fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining faoliyatini tubdan takomillashtirishga qaratilgan farmoni tizimli va tarkibiy islohotlarning yangi bosqichini boshlab berdi.
Yurtimiz aholisini sifatli va yetarli miqdordagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirishga hissa qo‘shish, qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish uchun yer egasi sifatida har bir tomorqa yer egasi, fermer va dehqon xo‘jaliklari qishloq xo‘jaligining barcha soha va yo‘nalishlarini zamon talablari asosida rivojlantirishga fidoiylik bilan yondashishi hamda bugungi faoliyatini tubdan o‘zgartirishi zarur.
Bu kabi o‘zgarishlarni o‘z vaqtida anglagan soha vakillari bu borada izlanishda davom etmoqda.
Andijon viloyati Buloqboshi tumani “Buloqboshi tumani sarimsoqpiyoz yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar” uyushmasi ana shunday islohotlar samarasida keng faoliyat yuritmoqda.
Ayni vaqtda Sarimsoqpiyoz yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida 400 gektar maydonda klaster usulida aholi xonadonlarini biriktirish orqali sarimsoqpiyoz yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi. Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani, Surxondaryo viloyati Angor tumani, Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanlarida esa ana shunday uyushma tashkil qilish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Yetishtirilgan mahsulotni o‘z vaqtida xaridorlarga yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish maqsadida ko‘rilgan choralar natijasida Moskva, Sankt-Peterburg, Kaluga, Ryazan, Yaroslav, Qozog‘istonning Olma-ota shaharlari hamda Belgiyada Sarimsoqpiyoz yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasining savdo uylari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tish joizki, 2021 yil hosili uchun ekilgan avgust piyozi va to‘qsonbosti ekinlaridan 4 million 15 ming tonna hosil olish prognoz qilingan edi. 1 million 775 ming tonna piyoz, 366 ming tonna sarimsoqpiyoz, 528 ming tonna sabzi, 403 ming tonna karam shular sirasidandir.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, hozirda 4 million 55 ming tonna, jumladan, 1 million 809 ming tonna piyoz 1, 404,7 ming tonna sarimsoqpiyoz, 504,2 ming tonna sabzi, 404,7 ming tonna karam yetishtirildi.
bugungi kun holatida meva va sabzavotning 360 ming tonnasi jumladan, 24,3 million dollarga 199,2 ming tonna piyoz, 16,9 million dollarga 98 ming tonna karam va gulkaram, 7,1 million dollarga 48 ming tonna sabzi yo‘naltirildi.
Bundan tashqari sinov tariqasida salohiyatli fermer xo‘jaliklari tanlanib, yurtimizda 750 gektar maydonga 2022 yil hosili uchun eksportbop sarimsoqpiyoz ekish yuzasidan amaliy ishlar boshlandi.
Buning uchun 1,1 ming tonna eksportbop urug‘liklar zaxirasi shakllantirildi. 1 oktyabr holatiga kelgusi yil hosili uchun dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqasining 61 ming 957 gektariga piyoz va sarimsoqpiyoz ekildi.
Elmurod Mamarahimov,
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi mutaxassisi