PISA 2025: Xalqaro baholash dasturi natijalari qanday bo‘ldi?
2026-yil 8-sentabr kuni Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida «PISA 2025: Xalqaro baholash dasturi natijalari» mavzusida forum tashkil etildi.
Forumda O‘zbekistonning PISA 2025 tadqiqotidagi asosiy natijalarini xolis va metodologik jihatdan to‘g‘ri taqdim etish, PISA 2022 va PISA 2025 natijalari dinamikasini tahlil qilish, xalqaro qiyoslar, kompetensiyalar darajasi hamda ta’lim natijalariga ta’sir ko‘rsatuvchi omillar muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistondagi tabiiy-ilmiy, hududiy va ijtimoiy tafovutlar, maktablar kesimidagi farqlar, ta’limda tenglik va imkoniyatlar, o‘qituvchi ko‘magi, o‘quv muhiti hamda maktab boshqaruvi bilan bog‘liq omillar yuzasidan tahliliy ma’lumotlar taqdim etildi.
Forum doirasida PISA 2025 tadqiqotining global manzarasi va natijalarini talqin qilish, O‘zbekistonning asosiy milliy natijalari, PISA 2022–2025 dinamikasi, tenglik va ta’lim mazmuniga oid omillar bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi. Shuningdek, «Natijalardan amaliy harakatlarga» mavzusida yuqori darajadagi panel muhokamasi tashkil etildi.
Muhokamalar davomida PISA natijalaridan o‘quv dasturlarini takomillashtirish, baholash tizimini rivojlantirish, pedagoglarning kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, maktab boshqaruvi samaradorligini oshirish hamda har bir o‘quvchi uchun sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishda samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 2019-yil 29-apreldagi farmoni bilan 2030-yilga qadar PISA xalqaro baholash dasturida jahonning ilg‘or 30 ta mamlakati qatoriga kirish hamda xalqaro baholash dasturlarida uzluksiz ishtirok etish maqsadlari belgilab berilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-fevraldagi farmonida maktab ta’limi sifatini oshirish, xalqaro baholash dasturlarida ishtirokni davom ettirish va ta’lim natijalarini xalqaro mezonlar asosida tahlil qilish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilangan.
Ularni amalga oshirish doirasida 2023-yil 1-dekabrda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) o‘rtasida O‘zbekistonning PISA 2025 xalqaro tadqiqotida ishtirok etishi bo‘yicha shartnoma imzolandi.
O‘zbekiston PISA xalqaro tadqiqotida ilk bor 2022-yilda ishtirok etdi. Mazkur ishtirok orqali mamlakatimizdagi 15 yoshli o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalari ilk bor keng xalqaro qiyosiy mezonlar asosida baholandi. O‘zbekistonning PISA 2025 tadqiqotida ikkinchi bor ishtirok etishi esa ta’lim tizimida o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan islohotlar va o‘zgarishlar dinamikasini kuzatish, natijalarni qiyoslash hamda keyingi ustuvor vazifalarni belgilash imkonini berdi.
– Ushbu tadqiqotda 2025-yilda 91 ta mamlakat va iqtisodiyot ishtirok etgan bo‘lsa, tabiiy fanlar yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston eng yaxshi natija ko‘rsatgan 70 ta davlat qatoriga kirdi, – dedi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi O‘quvchilar bilimini baholash, tahlil qilish va aprobatsiya o‘tkazish bosh markazi boshlig‘i o‘rinbosari, PISA tadqiqotining yetakchi tahlilchisi Qodirjon Karimbekov. – Bu, albatta, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasi hisoblanadi. Shuningdek, 91 ta davlatning ishtirok etishi natijalarimizni xalqaro miqyosda qiyoslash, O‘zbekiston o‘quvchi-yoshlarining bilim va ko‘nikmalari salohiyatini namoyon etish imkonini beradi.
– Aytish kerak bo‘lgan eng muhim jihat shuki, dunyoda tabiiy fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari o‘rtacha hisobda pasayib borayotgan bir paytda, O‘zbekiston juda muhim o‘sishni namoyish etdi. Bir necha yil ichida natija taxminan 350 balldan 438 ballgacha ko‘tarildi, – dedi Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (OECD) Ta’lim va ko‘nikmalar direksiyasining Erta yoshdagi ta’lim va maktablar bo‘limi rahbari Yuri Belfali. – Natijaning 83 ballga yaxshilanishi PISA ishtirokchisi bo‘lgan mamlakatlar orasida kuzatilgan eng sezilarli o‘sishlardan biridir. Bu haqiqatan ham ajoyib yutuq bo‘lib, u o‘qituvchilar tomonidan amalga oshirilgan muhim ishlar, maktablarda yaratilgan imkoniyatlar va hukumat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash samarasini aks ettiradi. Eng muhimi, bu natija o‘quvchilarning o‘qishga bo‘lgan qiziqishi, bilim olish va yanada yuqori natijalarga erishishga bo‘lgan intilishini ko‘rsatadi. O‘zbekistondagi o‘quvchilarni hamda ushbu muvaffaqiyatni qo‘llab-quvvatlagan sifatli ta’lim sohasidagi barcha hamkorlarni tabriklayman!
Darhaqiqat, PISA 2025 tadqiqotida 91 ta mamlakat va iqtisodiyotdan 760 mingdan ortiq 15 yoshli o‘quvchi ishtirok etdi. O‘zbekistonda esa 2025-yil aprel-may oylarida PISA 2025 xalqaro tadqiqotining asosiy bosqichi o‘tkazildi. Xalqaro tanlanma asosida mamlakatimizning 233 ta maktabida tahsil olayotgan 8652 nafar 15 yoshli o‘quvchi tadqiqotda ishtirok etdi.
PISA 2025 siklida tabiiy-ilmiy savodxonlik asosiy yo‘nalish sifatida, matematika va o‘qish savodxonligi esa qo‘shimcha yo‘nalishlar sifatida baholandi. Shu bilan birga, mazkur siklda o‘quvchilarning raqamli vositalardan foydalangan holda bilim olishi, ma’lumotlarni tahlil qilishi va muammolarni hal etish qobiliyatlarini o‘rganuvchi «Raqamli dunyoda o‘rganish» innovatsion yo‘nalishi ham kiritildi.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlash lozimki, xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatlarning faqat reytingdagi o‘rnini aniqlashdan iborat emas. Eng avvalo, bu orqali ta’lim tizimining mavjud holatini xolis baholash, natijalarni xalqaro miqyosda qiyoslash, erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda rivojlantirish zarur bo‘lgan yo‘nalishlarni aniqlash hamda kelgusi yillar uchun dalillarga asoslangan strategik qarorlar qabul qilish ko‘zda tutiladi.
Forum yakunlari PISA 2025 natijalari bo‘yicha milliy hisobotni tayyorlash, hududlarda professional muloqot va seminarlar tashkil etish, natijalarni maktablar darajasida muhokama qilish hamda aniqlangan ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni belgilash uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonning navbatdagi PISA 2029 xalqaro tadqiqotiga tayyorgarligi bo‘yicha ustuvor vazifalar va keyingi qadamlarni belgilash ham nazarda tutilgan.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri