Pirotexnika vositalari to‘xtatib qolindi
Yangi yilning kirib kelishiga hali bir yarim oy vaqt bo‘lsada, ayrim "tadbirkor"lar tomonidan hozirdanoq pirotexnika vositalarini yashirin yo‘llar bilan olib kirishga urinishlar kuzatilmoqda.
Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bilan hamkorlikda ushbu yo‘nalishda keng qamrovli tezkor tadbirlar o‘tkazilmoqda.
DBQ Kontrabandaga karshi kurashish bosh boshqarmasi va DXX Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda Toshkent shahri Yunusobod tumani hududida pirotexnika mahsulotlarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish borasida tezkor tadbir o‘tkazildi. Tadbir davomida fuqaro A.T. boshqaruvidagi “Labo” rusumli avtotransport vositasi Yunusobod tumani 17-mavzedagi avtoturargohga kelib to‘xtagan vaqtida, tadbir ishtirokchilari tomonidan ushbu avtotransport vositasi xolislar ishtirokida o‘rnatilgan tartibda ko‘zdan kechirilgan. Xorijda ishlab chiqarilgan, bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilganligi haqida hech qanday hujjatlari bo‘lmagan 5 ta qog‘oz korobkalarda jami 115 255 dona pirotexnika vositalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

Holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Mazkur yo‘nalishda bojxona organlari tomonidan vakolatli idoralar bilan hamkorlikda maqsadli tezkor tadbirlar davom ettirilmoqda.
Sh. Suyarov, O‘zA.