Pillachilikdagi islohatlar o‘z samarasini bermoqda
Jizzax viloyatida pilla terimi mavsumi uyushqoqlik va yuqori kayfiyatda boshlandi. Ayniqsa, vohaning markaziy hamda cho‘l hududlarida “kumush tola” yig‘im-terimi tobora qizg‘in tus olmoqda. Bu jarayon nafaqat qishloq ahlining daromad manbaini mustahkamlayotgani, balki mamlakatimizda pillachilik sohasini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan islohotlar amalda o‘z samarasini berayotganini ham yaqqol namoyon etmoqda.
Jizzax viloyatining o‘ziga xos iqlim sharoiti pillachilikda hududlar kesimida turlicha manzarani yuzaga keltiradi. Masalan, voha markazi va cho‘l tumanlarida pilla terimi avjiga chiqqan bir paytda, G‘allaorol va Forishda ipak qurtlari pilla o‘rash jarayoniga kirgan bo‘ladi. Baxmal, Zomin va Yangiobod tumanlarida esa ipak qurtlari hali to‘liq parvarish bosqichini o‘tamoqda. Bu esa sohada agrotexnik tadbirlarni hudud iqlimiga mos holda tashkil etish muhim ahamiyat kasb etishini ko‘rsatadi.

Zarbdor tumanida ham joriy mavsumga puxta hozirlik ko‘rilgan. Xususan, Taraqqiyot mahallasida pilla terimiga uyushqoqlik bilan kirishildi. Xonadonlarda parvarish qilingan ipak qurtlaridan sifatli hosil olish uchun barcha zarur choralar ko‘rilgani mehnat samarasida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Mahalla ahlining, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarning faol ishtiroki mavsumning barakali kechishida muhim omil bo‘layapti.
Bugun pillachilik nafaqat qimmatbaho xomashyo yetishtirish tarmog‘i, balki aholi bandligini ta’minlash, oilalar daromadini ko‘paytirish, qishloqlarda tadbirkorlik muhitini kengaytirishda muhim ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishga aylandi. Bu borada davlat rahbarining sohani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbus va qarorlari muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-martda qabul qilingan “Ipakchilik sohasini yangi tizim asosida rivojlantirish hamda ozuqa bazasini mustahkamlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida pilla yetishtiruvchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning mutlaqo yangi mexanizmlari belgilab berildi. Mazkur qarorga muvofiq, pilla yetishtiruvchilarga pillachilik klasterlari tomonidan amalga oshirilgan haqiqiy to‘lovning 35 foizi miqdorida subsidiya ajratilishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-yanvardagi “Xotin-qizlarning pillachilik sohasidagi bandligini bosqichma-bosqich ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohada xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularni pillachilikka o‘qitish va daromadli mehnatga jalb qilishda muhim dasturilamal bo‘lib, xizmat qilmoqda.

Bu kabi islohotlar amalda ham o‘z ifodasini topmoqda. Zarbdor tumanida joriy yilda 2202 quti ipak qurti parvarish qilinib, 182 tonna pilla yetishtirish rejalashtirilgan. Eng muhimi, ushbu jarayon orqali 3600 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlanmoqda. Ayni paytda ipak qurtlari 16 ta markazlashgan pillaxona va 410 ta xonadonda parvarish qilinmoqda.
Mehnatkash pillakorlarning fidoyiligi, xonadonlardagi barakali mehnat, mahallalardagi hamjihatlik bugun Yangi O‘zbekiston qishloqlarida yangi iqtisodiy muhit shakllanayotganidan dalolatdir. Zero, pillachilik — bu faqatgina ipak tolasi emas, balki minglab oilalar rizqi, qishloq ayollari bandligi, yoshlar kelajagi va mamlakat eksport salohiyati demakdir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri