Penelopa Krus urushga qarshi
Ispaniyalik aktrisa Penelopa Krus ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida G‘azoda “zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish”ga chaqirdi. O‘zining hikoyalar bo‘limida qoldirgan postida mashhur san’atkor bu vahshiylikka barham berish kerakligini ta’kidlagan. E’tiborlisi, Krus bu mavzuda birinchi bor chiqish qilayotgani yo‘q.
2014 yil Penelopa Krus, Xaver Bardem, Pedro Almodovar kabi Gollivud yulduzlari Yevropa Ittifoqi rahbariyatiga ochiq xat yozib, Isroilning G‘azo sektoriga hujumi qoralanishini talab qilgan edi. O‘sha maktubda Isroil “BMT rezolyutsiyalariga bo‘ysunmaydigan, inson huquqini hurmat qilmaydigan va davlat terrorizmini amalga oshiruvchi mamlakat” sifatida qayd etilgan. Bu gal ham YeI mas’ullari anklav har tomondan to‘pga tutilishini qoralashga chaqirilgan.
“Shu kunlarda quruqlik, dengiz va havodan qamal qilingan G‘azo dahshatli davrni boshidan kechirmoqda. Falastinliklar uylari vayron qilinmoqda. Ular suv va elektr energiyasidan, shifoxona, maktabga erkin borishdan mahrum, xalqaro hamjamiyat esa hech narsa qilmayapti”, - deyiladi maktubda.
Penelopa Krusning turmush o‘rtog‘i mashhur aktyor Xaver Bardem Ispaniyaning “El Diario” gazetasiga bergan intervyusida falastinliklar va isroilliklar o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvni bir xalqning boshqa xalq tomonidan yo‘q qilinishi sifatida tavsiflagan.