Payvandchilar “dual” ta’lim asosida o‘qitilmoqda
“Quyuv-mexanika zavodi” aksiyadorlik jamiyatida Toshkent davlat transport universiteti filiali bazasida payvandlashga ixtisoslashgan o‘quv markazi ochilgan edi.
Markaz yuqori malakali, mahoratli, payvandlash sohasida professional mutaxassislarni “dual” ta’lim tizimida tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish maqsadida tashkil etilgan.
Markaz 2025 yil boshidan yana 100 nafar tinglovchini qabul qildi. Bu yerda zamon talablariga mos yuqori malakali payvandlash mutaxassislarini tayyorlashda nazariy hamda amaliy mashg‘ulotlar samarali tashkil etilgan. O‘quv kurslari konsepsiyasi xorijning turdosh, ixtisoslashtirilgan markazlari o‘quv dasturlari asosida hamda ish beruvchilarning talab va takliflari bo‘yicha ishlab chiqilgan. Bu yerda bir vaqtning o‘zida 150 nafar tinglovchi tahsil olishi mumkin. Ta’lim jarayoniga Toshkent davlat transport universiteti maxsus kafedralaridan hamda sanoat korxonalaridan tajribali, professional mutaxassislar jalb etilgan. Shuningdek, xorijiy professor-o‘qituvchilar ham tinglovchilarga kasb sirlarini o‘rgatmoqda.
[gallery-21176]
Nazariy ta’lim jarayonini tashkil etish uchun markazda 5 ta zamonaviy o‘quv auditoriyalari, amaliy mashg‘ulot uchun 13 ta payvandlash postidan iborat o‘quv poligoni va zamonaviy jihozlangan axborot-resurs markazi, kutubxona hamda professor-o‘qituvchilar xonasi mavjud. Tinglovchilar turar joy 73 ta xonadan iborat bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 150 nafar tinglovchiga mo‘ljallangan.
O‘quv jarayonining davomiyligi – 12 haftani tashkil etadi. Tinglovchilar 4 hafta nazariy va 8 hafta amaliy mashg‘ulotlarda qatnashadi. O‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga Toshkent davlat transport universiteti va Gomel davlat texnika universiteti hamkorligida tashkil etilgan MDH mamlakatlarida tan olinadigan Xalqaro sertifikat beriladi. Sertifikat egalari nafaqat mamlakatimizda, balki xorijda ham professional mutaxassis sifatida ishlashi mumkin.
Rustam Haydarov, O‘zA