Paxtaobodda g‘alladan mo‘l hosil yetishtirildi
Andijon viloyati Paxtaobod tumani dehqonlari tomonidan 6 ming 870 gektar maydonda bug‘doy yetishtirildi.
Shartnoma rejasiga asosan, 20 ming 442 tonna g‘alla topshirilishi belgilangan.
Shu kunlarda tumanda g‘alla o‘rimi qizg‘in pallaga kirgan. O‘rim-yig‘im mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazish, umuman, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish bo‘yicha fermer xo‘jaliklari, mutasaddi korxona va tashkilotlar rahbarlari tomonidan zarur barcha ishlar olib borilmoqda. O‘rimga 28 ta kombayn, yuzlab boshqa texnika vositalari jalb etilgan, ishlar otryad usulida olib borilmoqda.
Ishlarning samarali tashkil etilganligi natijasida yillik shartnoma rejasini bajarayotgan xo‘jaliklar soni kundan kunga ortib bormoqda. Tumanning Ozod massividagi “Karim sayyod” fermer xo‘jaligi dehqonlari joriy yilda 40 gektar maydonga bug‘doy ekib, parvarishladi.
[gallery-7548]
– Nafaqat xo‘jaligimiz, balki aksariyat fermer xo‘jaliklari tomonidan bu yil ob-havoning qulay kelganligi, qolaversa, zarur agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida, sifatli o‘tkazilganligi bois, bug‘doydan mo‘l hosil yetishtirildi, – deydi “Karim sayyod” fermer xo‘jaligi rahbari Akmaljon Qo‘ldoshev. – Xo‘jaligimiz shartnoma bo‘yicha 148 tonna topshirishi belgilangan.
Gektaridan 70-75 sentnerdan hosil olishni ko‘zlab turibmiz, nasib etsa, rejani ortig‘i bilan bajaramiz. Don – xalqimizning rizq-ro‘zi. Ma’lumki, Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy yildan xo‘jaliklar tomonidan sotiladigan g‘allaga bozor narxida pul to‘lash tartibi joriy etildi. Bu eng avvalo, fermer xo‘jaligi, qolaversa, xo‘jalik a’zolarining manfaatdorligini, oladigan daromadini oshirish imkonini beradi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA