«Paxtakor»ning Elit OCHL pley-offidagi raqibi «Al-Husayn» haqida nimalarni bilamiz?
Toshkentga tashrif buyurgan raqib so‘nggi yillarda Iordaniya futbolining eng kuchli jamoalaridan biriga aylangan.
11-avgust kuni «Paxtakor» OFK Elit Chempionlar ligasi pley-off bosqichida Iordaniyaning «Al-Husayn» klubiga qarshi maydonga tushadi.
Toshkentga tashrif buyurgan raqib so‘nggi yillarda Iordaniya futbolining eng kuchli jamoalaridan biriga aylangan. «Al-Husayn» haqida asosiy ma’lumotlarni jamladik.
62 yillik tarixga ega klub
«Al-Husayn» 1964-yilda Iordaniyaning Irbid shahrida tashkil etilgan. Klub o‘z uy uchrashuvlarini 12 mingga yaqin tomoshabinni sig‘dira oladigan «Al Hasan» stadionida o‘tkazadi.
Jamoa muxlislar orasida «Al Malaki» — «Qirollik klubi» hamda «Shimol bosqinchilari» kabi laqablar bilan tanilgan.
Ketma-ket uch mavsum chempion
«Al-Husayn»ning katta yutuqlari aynan so‘nggi yillarga to‘g‘ri keladi.
2023/24-yilgi mavsumda klub ilk bor Iordaniya chempionligini qo‘lga kiritgan. Keyingi ikki mavsumda ham jamoa ushbu natijani takrorlab, 2024/25 va 2025/26-yillarda chempionlikni hech kimga bermadi.
Shu tariqa, «Al-Husayn» ketma-ket uch mavsum davomida mamlakat chempioni bo‘ldi.
Klub hisobida, shuningdek, uchta Iordaniya Superkubogi va uchta FA Shield sovrini mavjud. O‘tgan mavsum esa jamoa tarixidagi yana bir muhim voqea bilan yodda qoldi — «Al-Husayn» ilk bor mamlakat kubogini qo‘lga kiritdi.
«Istiqlol»ni ham mag‘lub etgan
«Al-Husayn» xalqaro maydonda ham o‘zini ko‘rsatishga ulgurdi.
Jamoa o‘tgan mavsum OFK Chempionlar ligasi 2 musobaqasida guruh bosqichini 9 ochko bilan birinchi o‘rinda yakunladi.
Pley-offda esa Eronning «Istiqlol» klubi bilan to‘qnash kelgan. Ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra 4:2 hisobida g‘alaba qozongan iordaniyaliklar chorak finalga yo‘l olgan.
Biroq keyingi bosqichda jamoaning yurishi yakunlangan. «Al-Husayn» Qatarning «Al-Ahli» klubiga 1:3 hisobida imkoniyatni boy bergan.
Jamoani sobiq futbolchi boshqarmoqda
«Al-Husayn»ga ayni paytda 42 yoshli iordaniyalik mutaxassis Ahmad Hayel ustozlik qilmoqda.
Hayel 2026 yil aprelida braziliyalik Ney Frankoning o‘rnini egallagan. Uning qo‘l ostida jamoa 2025/26-yilgi mavsumda Iordaniya chempionati va mamlakat kubogida g‘alaba qozondi.
Tarkibning asosiy qismini iordaniyaliklar tashkil etadi
«Al-Husayn» tarkibida mahalliy futbolchilar salmoqli o‘rin tutadi. Ixsan Haddad, Salim Ubayd, Mahmud Al-Mardiy, Yazid Abuloyla, Yusuf Abu Jalbush va Adham Muhammad Salim jamoaning asosiy futbolchilari qatoridan joy olgan.
Ularning ayrimlari Iordaniya milliy terma jamoasida ham muntazam to‘p tepadi.
Darvozabon Yazid Abuloyla, himoyachi Ixsan Haddad va hujumkor futbolchi Mahmud Al-Mardiy xalqaro maydonda yetarlicha tajribaga ega.
Jamoa tarkibida O‘zbekiston futboli muxlislariga tanish bo‘lgan futbolchilar ham bor. «Al-Husayn» safida avval «Paxtakor»da o‘ynagan Brayan Riaskos va «Qizilqum» sharafini himoya qilgan Pol Komolafe ham to‘p tepadi.
Toshkentdagi tayyorgarlik
«Al-Husayn» yangi mavsum oldidan tarkibini kuchaytirib, asosiy maqsadlardan biri sifatida OFK Elit Chempionlar ligasining asosiy bosqichiga chiqishni belgilagan.
Iordaniya klubi «Paxtakor» bilan uchrashuvga tayyorgarlikni Toshkentda olib bormoqda. Jamoa poytaxtga 2 avgust kuni kelgan va shu vaqtdan buyon bahsga hozirlik ko‘rmoqda.
«Paxtakor» — «Al-Husayn» uchrashuvi 11-avgust kuni Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da boshlanadi.
Mazkur bahs bir o‘yindan iborat bo‘lib, g‘olib jamoa OFK Elit Chempionlar ligasining asosiy bosqichiga yo‘l oladi.