“Paxtakor”da tulporlar raqsi
Shu kunlarda poytaxtimizdagi “Paxtakor” stadionida polo sporti bo‘yicha Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan “Mustaqillik kubogi” turniri va qorabayir zotli otlarning birinchi milliy festivali o‘tkazilmoqda.
Kecha 8 ta polo jamoasi o‘rtasida kechgan saralash bahslarida O‘zbekiston temir yo‘llari, Milliy gvardiya, Nestvon va Chegarachilar polo klublari raqiblarini mag‘lub etib, yarim final bosqichiga yo‘l olgan edi.
Bugun “Mustaqillik kubogi”ning tantanali ochilish marosimi va yarim final bahslari o‘tkazildi.
Tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, Milliy gvardiya va Respublika yilqichilik, ot sport turlari va polo federatsiyasi mutasaddilari keyingi yillarda yurtimizda barkamol avlodni tarbiyalash, zamonaviy sport turlarini rivojlantirish orqali aholi salomatligini mustahkamlash borasida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarning samarasi o‘laroq ot sporti turlarini ommalashtirishga berilayotgan e’tiborni alohida ta’kidladi. Musobaqalarda g‘oliblik uchun kurashayotgan jamoalarga omad tiladi.
Tadbirda Milliy gvardiya, Chegara qo‘shinlari tizimidagi ot sporti klublarining chiqishlari, tulporlar ijrosidagi jozibali hatti-harakatlar ko‘pchilikda iliq taassurot qoldirdi. Ayniqsa, qorabayir zotli otlarning birinchi milliy festivali har jihatdan ko‘ngillarga zavq ulashdi.

- Qorabayir zotli tulporlar ota-bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan asl otlarning noyob avlodi. Bu tulporlarning ajdodlari o‘z vaqtida Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Boburdek ulug‘ bobokalonlarimizga xizmat qilgan. Ularning doimiy hamrohi bo‘lgan. Bu bebaho otlar avlodini asrab-avaylab kelgan xalqimizning jasorati va milliy an’analarimizga sodiqligi natijasida ularning avlodlari bo‘lgan bugungi qorabayirlar bizgacha yetib keldi. Mana masalan, qorabayir zotli otlar festivalida qatnashgan “Konkur” otining ajdodi 1916 yildan beri Jizzaxda parvarishlangan. Bu o‘ziga xos an’ananing Toshkent, Qashqadaryo, Farg‘ona viloyatlarida ham ko‘z qorachig‘idek asrab kelinganligi bo‘yicha yetarli faktlar bor. Hozirda Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli qorabayir naslchilik majmuasida 300 dan oshiq otlar parvarishlanmoqda. 2019 yil ushbu xo‘jalikni tashkil etganimizda bor-yo‘g‘i 40 atrofida tulporlar bor edi, - deydi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Zafar Jumaniyozov.
Musobaqa o‘tkaziladigan maydonning xalqaro talablar darajasida jihozlanganligi, bahslar jarayonida “Yurtimiz tulporlari” foto ko‘rgazmasi tashkil etilganligi bayramga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
- Ot sportiga davlatimiz tomonidan alohida e’tibor berilishi, tegishli qaror va dasturlar ishlab chiqilishi soha rivojiga juda katta turtki berdi. Qisqa fursatda yurtimiz sportchilari ot sportining turli yo‘nalishlarida yutuqlarni qo‘lga kirita boshladi. Joriy yil davomida konkur bo‘yicha Rossiya, Qozog‘iston kabi davlatlarda o‘tgan turnirlarda sportchilarimiz g‘oliblikka erishdi, sovrinli bo‘ldi. Polo sportining rivoji borasida mana shunday musobaqalarning tashkil etilishi esa so‘zsiz yaqin kelajakda ushbu yo‘nalishda ham xalqaro sport maydonlarida yutuqlarga erishamiz, deganidir. Chunki, jahon maydonlaridagi g‘alabalar ichki turnirlar, musobaqalar o‘tkazish, yosh chavandozlarni kamolga yetkazish orqali qo‘lga kiritiladi,-deydi ot sporti mutaxassisi Shamil Davletxanov.
Polo bahslarining yarim final musobaqalarida O‘zbekiston temir yo‘llari jamoasi Milliy gvardiyani 14:2 hisobida mag‘lub etdi. Ikkinchi yarim final musobaqasida Chegarachilar polo klubi Nestvon jamoasiga imkon qoldirmadi va 6:1 hisobida final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Endi ular ertangi final “dueli”da O‘zbekiston temir yo‘llari jamoasi bilan “Mustaqillik kubogi” sohibini aniqlashadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA