"Paxtakor" safarda durang qayd etdi
Futbol bo‘yicha Elit Osiyo chempionlar ligasining 5-turida poytaxtimizning "Paxtakor" klubi safarda Eronning "Istiqlol" jamoasiga qarshi maydonga tushdi.
Teng kurashlar ostida o‘tgan ushbu o‘yinda hisob ochilmadi. Shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, "Paxtakor"ning sobiq a’zosi Jaloliddin Masharipov mezbonlar tarikibida to‘liq harakat qildi.
Shuningdek, ushbu turda "Al-Ayn" o‘z maydonida "Al-Ahli"ga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ygan bo‘lsa, "Al-Garafa" va "Al-Nasr" uchrashuvi 1:3 hisobida yakunlandi. "Al-Rayyan" jamoasi esa "Persepolis" bilan 1:1 hisobida durang qayd etdi. Bugun, 26 noyabr kuni "Al-Shorta" - "Al-Vasl", "Al-Sadd" - "Al-Hilol" jamoalari beshinchi tur doirasida o‘zaro raqobatlashadi.
Ma’lumot o‘rnida: musobaqada "Al-Ahli" 15, "Al-Nasr" 13 va "Al-Hilol" 12 ochko bilan ayni damda kuchli uchlikdan joy olgan. Agar bugungi bahsda "Al-Hilol" zafar quchsa, ochkolarini 15 taga yetkazgan holda karvonboshiga aylanishi mumkin. "Paxtakor" esa 3 ochko bilan 10 pog‘onada bormoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA