"Paxtakor" — 16 karra O‘zbekiston chempioni
Poytaxtimizning bosh jamoasi — “Paxtakor” futbol klubi O‘zbekiston Superligasining yakuniga bir tur qolganda mamlakat chempioniga aylandi.
Superliga bahslarining 25-turida “Paxtakor” va “Surxon” jamoalari o‘zaro raqobatlashdi. Ushbu uchrashuvda mezbonlar 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, ochkolar sonini 53 taga yetkazib oldi.
Ma’lumot uchun, “Paxtakor” mamlakat birinchiligini ilk marotaba 1992 yilda qo‘lga kiritgan. Shuningdek, 2019 yildan beri chempionlik taxtini hech bir jamoaga bermay kelmoqda. Bu yilgi muvaffaqiyatdan so‘ng esa “Paxtakor” mamlakatning 16 karra g‘olibiga aylandi.
Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, poytaxtimizning bosh jamoasi musobaqa davomida bor yo‘g‘i 4 marotaba mag‘lub bo‘ldi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, “Neftchi” klubiga ikki marotaba, “Olimpik” va “Andijon” jamoalariga esa bir martadan imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Shuningdek, “Nasaf” bilan ikki marta, “So‘g‘diyona”, “OKMK” hamda “Andijon” bilan bir martadan durang qayd etdi. Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, “Paxtakor” o‘tgan 25-tur mobaynida “Andijon”, “Nasaf” va “Neftchi” kabi jamoalarni yenga olmadi. Endi chempionatning so‘nggi turida 1 dekabr kuni “Bunyodkor” bilan o‘yin o‘tkazadi.
Darvoqe, “Bunyodkor” bilan uchrashuvda “Paxtakor” mag‘lubiyatga uchrasa yoki durang qayd etsa, yuqorida sanalgan natijalarimizning biri bittaga o‘zgarishi mumkin.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA