Paxta yetishtirishda Xitoy texnologiyasi: tejamkorlik va samaradorlik
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanida paxta yetishtirishda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash, suv resurslaridan oqilona foydalanish va hosildorlikni oshirishga qaratilgan tajriba amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayon bilan tanishish maqsadida respublika ommaviy axborot vositalari vakillari uchun media-tur tashkil etildi.
Tuman hokimligi va Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmatlari hamkorligida o‘tkazilgan media-turning dastlabki manzili «Ichanqal’a» ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi paxta maydoni bo‘ldi. Bu yerda xitoylik tadbirkorlar tomonidan 50 gektar maydonda Xitoy texnologiyasi asosida paxta yetishtirilmoqda.
Media-tur ishtirokchilari Xitoy naviga mansub chigit ekilgan maydonlardagi g‘o‘zalarning rivojlanishi va tajribaning dastlabki natijalari bilan tanishdi. Xitoylik mutaxassislar paxta yetishtirishda qo‘llanilayotgan yangi usulning afzalliklari haqida ma’lumot berib, o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Qayd etilganidek, joriy yil may oyida chigitlar tomchilatib sug‘orish usulida, plyonka ostiga ekilgan. Mazkur texnologiyada suvdan foydalanish samaradorligini oshirish, agrotexnik tadbirlarga sarflanadigan mehnat va resurslarni tejashga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, kuz-qish oylarida tuproq sho‘rini yuvish uchun suv sarflanmagan, mineral o‘g‘itlar esa sug‘orish suvi bilan birga bevosita o‘simlik ildiziga yetkazib berilgan. Shuningdek, g‘o‘za qator oralariga mexanizatsiya vositalari yordamida ishlov berishga ehtiyoj bo‘lmagan.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, mazkur texnologiya suv resurslarini tejash, ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish va paxta hosildorligini oshirish imkonini beradi.
[gallery-31987]
Xitoylik investorlar tajriba natijalari asosida yuqori hosil olishni rejalashtirmoqda. Mazkur texnologiyaning mahalliy tuproq-iqlim sharoitidagi samaradorligini baholash esa qishloq xo‘jaligida ilg‘or usullarni keng joriy etish uchun muhim ahamiyatga ega.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA