Paxta xomashyosining minimal narxlari belgilandi
Joriy yilning 23-oktyabr holatida Nyu-York tovar birjasida yanvar-oktyabr oylarida 1 tonna paxta tolasining oʻrtacha fyuchers kotirovkalari AQSHning portlariga yetkazib berish sharti bilan 1375,7 AQSH dollarini tashkil etmoqda.
Joriy yilning 23-oktyabr holatida Nyu-York tovar birjasida yanvar-oktyabr oylarida 1 tonna paxta tolasining oʻrtacha fyuchers kotirovkalari AQSHning portlariga yetkazib berish sharti bilan 1375,7 AQSH dollarini tashkil etmoqda.
Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati maʼlum qildi.
Davlatimiz rahbarining 2020-yil 6-martdagi “Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi va “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasiga jahon bozori narxlari tahlilidan kelib chiqib, paxta xomashyosining minimal narxlarini eʼlon qilib borish vazifasi yuklatilgan.
Jahon bozorida shakllangan narxlar, paxta-toʻqimachilik klasterlari, kooperatsiyalar va fermer xoʻjaliklarining, yuqorida qayd etilgan qarorga muvofiq masʼul etib belgilangan vazirlik va idoralarning takliflarini, shuningdek, paxta xomashyosini qayta ishlash, logistika va boshqa taalluqli xarajatlarni inobatga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Oʻzbekistonda yetishtirilgan toʻrtinchi tip ikkinchi nav birinchi sinf 1 tonna paxta xomashyosining minimal narxi qoʻshilgan qiymat soligʻi bilan birga 4522,5 ming soʻmni tashkil etganligini eʼlon qiladi.
Prezidentimizning 2020-yil 5-maydagi “Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini qoʻllab-quvvatlashga doir kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq esa, mahalliy ishlab chiqarilgan bazaviy sifatdagi paxta tolasining boshlangʻich narxi Nyu-York tovar birjasining eng yaqin yetkazib berish oyi uchun fyuchers kotirovkasi qiymatidan kelib chiqqan holda belgilanishi qayd etilgan. Ushbu minimal narxdan kelib chiqqan holda, paxta xomashyosini yetishtiruvchi va uni qabul qiluvchi subyektlar shartnomaviy munosabatlar doirasida boshqa yuqori yoki past navli va sinfli paxta xomashyosining narxlarini oʻzaro manfaatli kelishuv asosida mustaqil ravishda belgilashadi.