Paxta hosildorligi 50 sentnerga yetkaziladi
Farg‘ona viloyatida joriy yilda fermer xo‘jaliklari tomonidan 77 ming 830 gektar maydonda paxta hosili yetishtirilishi ko‘zda tutilgan. Bobodehqonlar quyosh nurlarining tafti zamin uzra taralayotgan iliq kunlarda chigit ekish ishlarini boshlab yuborishdi.
Yozyovon tumanida joriy yilgi o‘ziga xos o‘zgaruvchan ob-havo sharoitida chigitni maqbul muddatda ekish va mavsumni tizimli tashkil etish bo‘yicha ko‘rgazmali o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi mutaxassislari, tumanlar sektorlari va klasterlar rahbarlari, fermerlar hamda daxldor mutasaddilar ishtirok etdi.

“Mezon” fermer xo‘jaligida o‘tgan tadbirda dastlab yuqori hosildor chigit va qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari, kimyoviy o‘g‘itlar namunalari, texnikalardan iborat qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasi ko‘zdan kechirildi. Sohada uzoq yillar mehnat qilgan tajribali faxriylar, viloyat faollari, nuroniylar bilan birga yaxshi niyat, duolar bilan yerga chigit qadash jarayonlari boshlab berildi.


Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov dehqonchilik mehnati og‘ir ekanligini, biroq to‘g‘ri harakat qilinsa, yerga o‘z vaqtida urug‘ qadalib, agrotexnik tadbirlar olib borilsa, mo‘l hosil olinishini ta’kidladi. Mavsum oldidan qilinajak ishlarni tajribali soha xodimlari bilan maslahatlashib amalga oshirilishi o‘ziga xos an’anaga aylanganligini va bu o‘z ijobiy natijasini ko‘rsatayotganini qayd etdi. O‘tgan 2023-yilda paxtachilikda viloyatda o‘rtacha 38 sentnerdan hosil olingan bo‘lsa, bu yil marrani yanada baland olib, fermerlar manfaat uchun ishlashi buning uchun paxta hosildorligini 50 sentnerga chiqarish kerakligini ta’kidladi.


Viloyat hokimining o‘rinbosari Alibek Tursunov viloyatda sifatli agrotexnik tadbirlarga muhim e’tibor qaratilayotganligi, paxta-to‘qimachilik klasterlari bilan mavsumga ko‘rilgan tayyorgarlik, mavjud texnikalar, yoqilg‘i va o‘g‘itlar xususida ma’lumot berdi. Klasterlar rahbarlariga va mas’ullarga belgilangan muddatda chigit ekish ishlarini otryad usulida sifatli va samarali amalga oshirish, hisob-kitob bo‘lishi kerakligi, yerni tayyorlashda sifatiga e’tibor qaratish va mexanizatorlar ish haqini vaqtida to‘lab borilishi yuzasidan zarur ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Shuningdek, seminar davomida g‘allachilik yo‘nalishidagi chora-tadbirlar ham kelishib olindi.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri