Paxta dalasida yangi texnika sinovdan o‘tadimi?
Paxta dalasida ishni yengillashtiradigan, mahalliy sharoitga mos va samaradorligi yuqori texnikalarni yaratish uchun olimlar va ishlab chiqaruvchilar hamkorligi yo‘lga qo‘yilmoqda.
M.T. O‘rozboyev nomidagi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti hamda «Toshkent traktor zavodi» MCHJ o‘rtasida zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalarini yaratish va mahalliylashtirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv va hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.

Hujjat doirasida zamonaviy paxtachilik texnologiyalari, xususan, qo‘shqator usulida paxta yetishtirish va hosilni yig‘ib-terib olish uchun mahalliy sharoitga mos texnikalar yaratish ko‘zda tutilgan.
Uchrashuvda institut direktori, texnika fanlari doktori, professor Sabida Ismailova, «Paxta terish mashinalari» laboratoriyasi mudiri Davronbek Qo‘ldoshev hamda laboratoriya bosh ilmiy xodimi, texnika fanlari doktori, professor Anvar Rizayev ishtirok etdi. Unda olimlarning ilmiy ishlanmalarini ishlab chiqarish bilan bog‘lash, paxta terish mashinalarining konstruksiyasini takomillashtirish va ularni mahalliylashtirish masalalari muhokama qilindi.
Bu hamkorlikning mohiyati oddiy: laboratoriyada tug‘ilgan g‘oya qog‘ozda qolib ketmasligi, tayyor texnikaga aylanib, dalaga chiqishi kerak.
Ya’ni maqsad — ilmiy g‘oyani texnik yechimga, texnik yechimni esa real ishlab chiqarishga olib borish. Bu esa qishloq xo‘jaligi uchun mahalliy, zamonaviy va raqobatbardosh texnikalar yaratishda navbatdagi amaliy qadam bo‘ladi.
Nigora Rahmonova, O‘zA