Paxta – 2022: texnikalar fermerga qanot bo‘lmoqda
Ayni paytda butun respublikamizda paxta xomashyosini yig‘ib terib olish ishlari avjida. Erta bahordan qilingan mehnat bugun o‘z natijasini bermoqda. Shu bois ayni kunlardagi dehqonlar oldida turgan eng muhim vazifa yetishtirilgan hosilni nes-nobut qilmay yig‘ib olishdir.
“O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida tashkil etilgan press-tur ham ayni shu masalaga bag‘ishlandi. Tadbir davomida ishtirokchilar Qarshi tumanidagi “Cluster Hilol” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli paxta qabul qilish punkti va MCHJ bilan shartnoma asosida hamkorlik qilayotgan fermer xo‘jaliklari dalalariga tashrif buyurdi.
Tumanning Yangi bog‘ hududidagi “Baraka” fermer xo‘jaligiga qarashli dalada g‘o‘zalar baravj o‘sgani, har bir tupda kamida 35-40 donagacha ko‘sak borligi agrotexnik tadbirlarning vaqtida va me’yorida o‘tkazilganini anglatadi.
– Joriy yilda 20 gektar maydonda g‘o‘zaning “Buxoro-102” navini parvarishlab, belgilangan 65 tonnalik xirmonni ko‘tarishga harakat qilyapmiz, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari Meyli Tursunov. – bugungi kunga qadar hasharchilar yordamida birinchi terimning o‘zidan 45 tonna paxta topshirdik. Ammo mavsumda o‘tayotgan har kun, har bir soat ziyonimizga ishlashi tayin. Chunki yog‘ingarchilik boshlanmasdan terib olingan har bir misqol paxta sifatli bo‘ladi va qabul maskanlarida birinchi navga qabul qilinadi. Bundan tashqari, hasharchilar bir marta bo‘lsa ham oralab, shamollatilgan dalalarda ko‘saklar ochilishi tezlashadi. Hali dalamizda hosil mo‘l. Shu bois hosilni tezroq yig‘ishtirib olish maqsadida terim mashinalaridan foydalanishga qaror qildik. Bugundan dalaga “Cluster Hilol” MCHJning 2 ta paxta terish traktorlari ishga tushdi.
Ta’kidlash lozimki, joriy yilda Qarshi tumanida 712 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 15 ming gektar maydonga g‘o‘za parvarishlanib, jami 66 ming 611 tonna sifatli paxta xom-ashyosini yig‘ishtirib olish rejalashtirilgan.
Tumanda 3 ta paxta to‘qimachilik klasterlari faoliyat yuritmoqda. “Cluster Hilol” MCHJ viloyatning Qarshi va Kasbi tumanlarida 5 ming 316 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlayotgan 216 ta fermer xo‘jaliklari bilan fyuchers shartnomasi imzolagan. 16 ming 718 tonna paxta yig‘ishtirib olishni rejalashtirgan. MCHJning 3 ta paxta qabul qilish maskani bo‘lib, mavsum boshidan buyon 4 ming 195 tonna paxta qabul qilingan. Bu borada MCHJga qarashli 5 ta paxta terish mashinasi hosilni qisqa fursatda yig‘ib olishda muhim hissa qo‘shmoqda.
[gallery-8884]
Shu o‘rinda aytish lozimki, “O‘zagroinspeksiya” ning viloyat boshqarmasi va tumanlardagi bo‘limlari tomonidan hududlarda malakali mutaxassislar jalb qilingan holda 12 ta “Arbitraj” guruhlari tashkil etilgan. Ushbu guruhlar maskanlarga qabul qilinayotgan paxta xomashyosini qabul qilishda sof (fizik) vazn bilan konditsion vazn o‘rtasidagi farqlarning haqqoniyligi hamda taraflar o‘rtasida yuzaga keladigan nizolarning oldini olish va chegirmalarning adolatli qo‘llanishida mas’ul.
Mavsum boshidan buyon joriy yilining 22 sentyabr holatida tayyorlov maskanlarida qabul qilinayotgan paxta xomashyosining namligi va iflosligini aniqlash yuzasidan “Arbitraj” guruhlariga 10 ta murojaat kelib tushgan. Ushbu murojaatlar adolatli va shaffof tarzda ko‘rib chiqilmoqda.
– Joriy yilda Qashqadaryo viloyatida 6 ming 307 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 136 ming 36 gektar maydonga chigit qadagan paxtakorlar mavsumda jami 435 ming tonna sifatli paxta xom-ashyosini yig‘ishtirib olishni maqsad qilgan, – deydi “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi boshlig‘i Fayzullo G‘ulomov. – Viloyatda faoliyat yuritib kelayotgan 18 ta paxta to‘qimachilik klasterlari tomonidan 2022 yil paxta hosilini qabul qilib olish uchun 52 ta paxta qabul qilish maskanlari mavsumga tayyorlanib, fermerlar tomonidan yetishtirilgan va olib kelinayotgan paxta xom-ashyolari belgilangan tartibda qabul qilinmoqda. Bugun barcha tumanlarda paxta terimi boshlanib yuksak xirmonlar hosil bo‘ldi. Ayni qizg‘in mavsumda “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari inspektorlari zimmasiga muhim vazifalar yuklatilgan. Paxta yig‘im-terimini uyushqoqlik bilan tashkil etish maqsadida mavsumda qatnashishi rejalashtirilgan 2 ming 353 dona transport traktori va 3 ming 203 dona tirkamalar to‘liq ta’mirdan chiqarilib, komissiyalar tomonidan ko‘rib chiqildi va texnik ko‘rikdan o‘tkazilib mavsumga jalb etildi. 2 ming 905 ta terim otryadlari tashkil etildi. Shuningdek, aholi punktlaridan uzoq va terimchilar yetishmaydigan maydonlardagi hosilni yig‘ishtirib olishda qatnashadigan 192 dona, jumladan 99 dona Keys, 20 dona Djon-Deyer, 63 dona “MX-1,8” hamda 10 dona “Boshiran” rusumidagi paxta terish mashinalari texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, komissiyalar tomonidan qabul qilindi.
“O‘zagroinspeksiya”ning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi va tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan fermer xo‘jaliklari, paxta to‘qimachilik klasterlarida yetishtirilgan paxta xom-ashyosini yuqori navlarga topshirish orqali qo‘shimcha daromad manbaini yaratish hamda paxta xomashyosini sifatli qabul qilib va uni qayta ishlash orqali raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish mumkinligi yuzasidan tushuntirishlar va kerakli tavsiyalar berib borilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joiz, viloyat bo‘yicha paxta maydonlarida terim sur’ati kundan kunga oshmoqda. Mavsum boshidan buyon joriy yilining 22 sentyabr holatida 95 ming 737 tonna paxta xom-ashyosi qabul qilingan. Terimchilarga yaratilgan sharoitlar, ularga ish haqlarining o‘z vaqtida berilishi, terimga jalb etilgan qishloq xo‘jaligi tehnikalari sozligi inspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan nazorat qilib borilmoqda. Albatta viloyat dehqon fermerlarining zalvorli mehnati evaziga yetishtirilgan hosilni nes-nobud qilmasdan yog‘in-sochinli kunlarga qoldirmay teribolish birinchi galdagi vazifadir.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.