Patent bojlarini oldindan 5 yil uchun to‘lash imkoniyati yaratiladi
Qonun loyihasiga sharh
Yurtimizda intellektual mulk sohasini tizimli isloh qilish, intellektual mulk ob’ektlarini himoyalash borasida qator amaliy sa’y-harakatlar yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga, intellektual mulkning huquqiy muhofazasini yanada kuchaytirish, tizimni takomillashtirish talab etiladi. Zero, biror yo‘nalishda muayyan ixtiro yaratish, unga patent olib, amalda qo‘llash kichik mehnat emas.
Amaldagi tartibga ko‘ra, ixtiro patenti patent berish haqidagi talabnoma topshirilgan sanadan e’tiboran hisoblaganda 20 yil mobaynida, sanoat namunasi patenti 10 yil mobaynida, foydali model patenti 5 yil mobaynida amal qiladi.
Patentlarning amal qilishini saqlaganlik uchun davlat boji talabnoma berilgan sanadan boshlab har yili to‘lanadi. Agar patentni o‘z kuchida saqlab turganlik uchun patent boji to‘lanmasa, patentning amal qilishi patent boji to‘lanmagan kundan e’tiboran tugatiladi.
Har yili huquq egalari tomonidan patentni o‘z kuchida saqlab turganlik uchun patent bojini to‘lamaslik oqibatida patentlarning amal qilishi tugatilmoqda. Bunga ko‘p hollarda huquq egalari patentni o‘z kuchida saqlab turganlik uchun patent bojini har yili to‘lash kerakligini bilmasligi yoki unutib yuborishi sabab bo‘lmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022-yilda 377 ta, 2023-yilda 418 ta, 2024-yilda 352 ta va 2025-yilda 526 ta ixtiro patent bojini to‘lamaslik oqibatida patentlarning amal qilishi tugatilgan.
Parlament quyi palatasida maromiga yetkazilayotgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga intellektual mulkni huquqiy muhofaza va himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi intellektual mulk sohasida huquqiy barqarorlikni ta’minlash va innovatsion mahsulotlar yaratish uchun qulay sharoitlarni shakllantirishga qaratilgan.
Loyihaga ko‘ra, patentlarni o‘z kuchida saqlash uchun bojlarni oldindan yoki patentning umumiy amal qilish davri uchun biryo‘la to‘lash imkoniyati yaratilmoqda. Bunday to‘lovlarga chegirmalar qo‘llash hamda davlat boji miqdorlarini progressiv o‘sish tartibida belgilash taklif etilmoqda.
Shuningdek, qonun loyihasi bilan xizmat asarlariga oid mulkiy huquqlarning asar oshkor qilinganidan 10 yil muddat o‘tgach avtomatik ravishda muallifga o‘tishiga doir qoidani bekor qilish orqali tomonlarning kelishuviga ustuvor ahamiyat berish nazarda tutilmoqda. Bu investitsiya muhitini yaxshilash hamda innovatsion mahsulotlar yaratish jarayonida huquqiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, intellektual mulk ob’ektlari bo‘yicha davlat ekspertizasi qarorlaridan norozi bo‘lgan shaxslarga bevosita sudga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilish huquqi berilmoqda.
Qonun loyihasidagi normalar intellektual mulk ob’ektlarini muhofaza va himoya qilish tartiblarini takomillashtirishga, mahalliy va xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga, tadbirkorlar uchun bozorga kirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA