Pastdargʻomda yangi korxona ish boshlaydi
Samarqand viloyatining Pastdargʻom tumani qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan, sanoati rivojlanib borayotgan hududga aylanmokda.
Samarqand viloyatining Pastdargʻom tumani qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan, sanoati rivojlanib borayotgan hududga aylanmokda.
Hozirda tumanda 250 dan ortiq sanoat korxonasi faoliyat koʻrsatayotir. Ular tomonidan 2018-yilda 12 million AQSH dollari qiymatidagi mahsulot xorijga eksport kilindi. Joriy yildagi moʻljal bu koʻrsatkichni 14 million AQSH dollariga yetkazish. Bugungacha tadbirkorlik subyektlari tomonidan 8 million 400 ming AQSH dollari qiymatidagi mahsulot chet elga yoʻnaltirildi. “2019-2020-yillarda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi” buyicha amalga oshirilayotgan ishlar koʻlami tobora kengaymokda.
Mustakillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilishi moʻljallangan yirik loyihalardan biri tumanning “Charxin” qoʻrgʻoni hududidagi “Samarqand – Kamalak – Invest – Tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi Oʻzbekiston – Turkiya qoʻshma korxonasidir. Zamonaviy paxta toʻqimachilik klasteri tomonidan Nurobod va Pastdargʻom tumanlaridagi 11,5 ming gektar yerda oq oltin yetishtirilmokda. Chigitni ekishdan tortib, uni undirib olish, gʻoʻza parvarishi, hosil pishib yetilgunicha boʻlgan davrdagi barcha agrotexnik tadbirlar klaster korxonasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Natijada ekinning rivoji yaxshi. Bu yil klaster dalalarida tayyorlanadigan paxtani qayta ishlash hisobidan olinadigan 6 ming tonna toladan shu yerning oʻzida ilk marta ip-kalava ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.
Korxona Shveysariyaning “Reyter”, Turkiyaning “Temsan”, Yaponiyaning “Murato” singari nufuzli firmalari texnologiyasi asosida ishlashga moʻljallangan, tayyorlanadigan mahsulot toʻliq jahon standartlari talablariga javob beradi. Umuman, rivojlangan davlatlar tajribasi barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlash, investitsion faoliyatni oshirish, raqobatbardosh tovarlar ishlab chiqarishda klasterning ahamiyati yuqori ekanini koʻrsatmokda. Tadbirkorlarning saʼy-harakatlari bilan ilgarilari ishlatilmay yotgan qariyb toʻrt gektar boʻsh yer oʻrnida yirik paxta-toʻqimachilik klasteri korxonasining tiklanayotgani innovatsion rivojlanish yoʻlidagi yana bir muhim qadamdir.
Korxonadagi barcha ishlab chiqarish jarayonlari avtomatlashtirilgan boʻlib, kompyuterlar yordamida boshqariladi. Paxta tolasini qayta tozalash, saralash, undan ip yigirish, uning sifatini taʼminlash ishlari mutaxassislarning qatʼiy nazorati ostida amalga oshiriladi. Korxonada chang va boshqa zararli gʻuborlar taʼsirini kamaytirish, namgarchilikni saqlaщ maqsadida maxsus havo tozalagich-ventilyator, fiksaj uskunalari oʻrnatilgan. Ularning foydali jihatlari koʻp.
– Odatda paxta-toʻqimachilik korxonalarida maxsus havo tozalagich yoki fiksaj uskunasining oʻrnatilmaganligi bois ip-kalava tarkibidagi chang-gʻuborlar koʻpayib, meʼyordagi namlik kamayib ketadi, – deydi turkiyalik mutaxassis Ejdar Aktash. – Bu hol mahsulotning sifati, uning xaridorgirligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Ip-kalavadan tayyorlanadigan trikotaj mahsulotlarining umri qisqaradi. Klaster usulida ishlayotgan ushbu korxonada Germaniya texnologiyasi asosida oʻrnatilgan apparatlar har qarich ipni nuqsonsiz, aʼlo sifat bilan chiqarilishini taʼminlaydi. Bundan tashqari, ishchi-xizmatchilarga zamonaviy texnologiyalarni boshqarish oʻrgatilmoqda. Bularning hammasi mahsulotlarimizning raqobatbardosh boʻlishini taʼminlaydi.
Klasterchilar kelgusi yil korxona quvvatini yanada oshirib, ip-kalavadan tayyor mahsulot chiqarishni moʻljallamokda. Shu tariqa ishchilar soni 300 nafarga yetadi.
Tumanda loyihadan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishga oʻtayotgan korxonalar soni ortib bormokda. “Gamma – Vindov – Sistem” korxonasi ham shunday yirik ishlab chiqarish boʻgʻinlaridan biri hisoblanadi. Hozirda bu yerda PVS kukunidan va boshqa aralashmalardan akfa rom va eshiklar uchun yelimli gamma profil materiallari tayyorlanmoqda. Ishchilarning asosiy qismini yoshlar tashkil qiladi.
Korxonada Xitoy texnologiyasi asosida ish yuritilib, plastik profil mahsulotlari belgilangan standart talablariga toʻliq javob beradi. Shu boisdan unga talab katta. Hozirgi kunda sanoatchilar yangi turdagi profil materiallarini ishlab chiqarish loyihasi ustida bosh qotirmokda.
Prezidentimizning 2018-yil 16-martdagi “Samarqand viloyatida kichik sanoat zonalarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida tumanda uchta kichik sanoat zonalari tashkil etildi. Shulardan biri “Furqat“ mahalla fuqarolar yigʻini hududida foydalanilmay yotgan toʻrt gektar yerda oltita istiqbolli loyiha joylashtirildi. Ish boshlagan tadbirkorlar uchun har tomonlama qulaylik va imkoniyatlar yaratilgan. Xususan, “Biznes-Real” korxonasida zamonaviy eshik va mebellar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Bu yerda tayyorlanayotgan divan, kreslo, stol-stul singari uy-roʻzgʻor jihozlari zamonaviyligi bilan xorijnikidan qolishmaydi. Shu boisdan ham tadbirkorlar kelgusida uni chet elga eksport qilishni moʻljallamokda.
“Doston sayyora” xususiy korxonasida esa qurilishbop gazablok mahsulotlari ishlab chiqarilayotir. Yengil, suvda choʻkmaydigan, gʻovaksimon, sovuq va issiqni oʻtkazmaydigan bu devorbop mahsulot har tomonlama qulay va samarali hisoblanadi. “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi tomonidan olingan 120 million soʻm imtiyozli kredit asosida ish boshlagan tadbirkor yaqin kelajakda oʻz mahsulotlarini Tojikiston, Qirgʻiziston va Afgʻoniston davlatlariga chiqarish ustida ish olib bormokda.
Albatta, amalga oshirilayotgan islohotlar, tadbirkorlik faoliyatining keng yoʻlga qoʻyilishi tuman iqtisodiyotining barqaror taraqqiyotida muhim oʻrin egallaydi. Bularning hammasi qishloqqa sanoatni olib kirish, mahsulotni eksport qilish, aholini ish bilan taʼminlash, ularning turmush darajasini yanada yaxshilashga qaratilgan ezgu amallarning ijobatidir.