Parvarish yaxshi bo‘lsa, hosil mo‘l bo‘ladi
Buxoro viloyati Romitan tumanida g‘o‘za parvarishining muhim agrotexnik tadbirlari amalga oshirilmoqda. Hozirgi tig‘iz mehnat mavsumida g‘o‘zani kultivatsiya qilish tadbirlari sifatli bajarilsa, mavjud hosil nishonalari to‘liq saqlanib, bo‘liq ko‘saklar yanada ko‘payadi.
Romitan tumanidagi barcha fermer xo‘jaliklari dalalarida 2023 yil hosili uchun pavarish qilinayotgan g‘o‘za maydonlariga kultivatsiya bilan ishlov berish va har bir gektar yer maydonini mineral o‘g‘itlab borish ishlari tizimli tashkil etilmoqda.



Romitan tumanidagi “Sharif” fermer xo‘jaligi a’zolari joriy yilgi bahor mavsumida 19,6 gektar yer maydoniga “Buxoro-6” navli serhosil paxta urug‘i qadashgan edi. Hozirda ekilgan chigit bir tekis unib chiqqan. Ayni paytda g‘o‘zaga dastlabki ishlov berilmoqda.
Buxoro viloyati hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha maslahatchisi Muhammadjon Axmedov, Romitan tumani hokimi Umedjon Barnoyev, tuman prokurori Farrux Atoyev hamda tuman qishloq xo‘jaligi mas’ul xodimlari xo‘jalik dalalarida amalga oshirilayotgan mazkur agrotexnik tadbirlarni ko‘zdan kechirishdi. Hudud rahbari va mexanizatorlar bilan muloqotda bo‘lishdi.
Mas’ullar “Sharif” fermer xo‘jaligi rahbari Zarif Sanoqulovga g‘o‘za parvarishi jarayonida amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berib, dala-dehqonchilik ishlariga va xirmonga baraka tilashdi.
Zarif Komilov, O‘zA