Parrandachilik sohasi uchun yangi imkoniyatlar: imtiyozli kreditlar ishlab chiqarishni qanday o‘zgartiradi?
O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholini sifatli va arzon parrandachilik mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash hamda sohaga xususiy investitsiyalarni jalb qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Keyingi yillarda parrandachilik tarmog‘ini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish hajmini oshirish va tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.
Bu borada davlatimiz rahbarining 2026-yil 23-iyuldagi “Parrandachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori sohani rivojlantirishning yangi bosqichini boshlab berishi kutilmoqda.
Qarorga muvofiq, parrandachilik xo‘jaliklari, parranda uchun omuxta yem ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar hamda “tayyor biznes” loyihalarini amalga oshiruvchilarga moliyaviy resurslar yanada qulay shartlarda taqdim etiladi. Xususan, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan “Mikrokreditbank” ATBga yo‘naltirilgan mablag‘lar hisobidan 2026-yil 1-sentabrdan boshlab yangi rasmiylashtiriladigan kreditlar yillik atigi 10 foiz stavkada ajratiladi.
Bu me’yor birinchi navbatda yangi investitsiya loyihalarini rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Chunki kredit foizining pasayishi tadbirkorning moliyaviy yukini yengillashtiradi, ishlab chiqarishni kengaytirish va zamonaviy texnologiyalarga sarmoya kiritish imkoniyatlarini oshiradi.
Qarorning yana bir muhim jihati shundaki, 2026-yil 1-avgustdan parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi quvvatlarni ishga tushirish, shuningdek, “tayyor biznes” loyihalarini amalga oshirish uchun ham “Mikrokreditbank” orqali yillik 10 foiz stavkada, 4 yillik imtiyozli davr bilan 10 yilgacha muddatga kreditlar ajratiladi.
Bu kabi uzoq muddatli va imtiyozli moliyalashtirish mexanizmi tadbirkorga loyihani ishga tushirish, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va dastlabki yillarda barqaror faoliyat yuritish uchun yetarli vaqt yaratadi. Ayniqsa, parrandachilik kabi katta sarmoya talab qiladigan sohada bunday shartlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA