Parrandachilik – farovonlik va taraqqiyot omili
Yurtimizda azaldan parrandachilik rizq-ro‘zg‘orning barakasi, xonadon farovonligining muhim manbalaridan biri sifatida qadrlanib kelgan. Xalqimizda “Parrandachilik — yetti xazinaning biri”, deb bejiz aytilmagan. Chunki parranda parhezbop go‘sht va tuxum bilan bir qatorda, kam xarajatligi orqali yuqori daromad keltiradigan sermahsul tarmoq hisoblanadi.
Bugungi kunda mamlakatimizda parrandachilik sohasini rivojlantirish oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholi bandligini oshirish va qishloq xo‘jaligi samaradorligini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zamonaviy texnologiyalar va ilmiy yondashuvlar asosida tashkil etilgan parrandachilik xo‘jaliklari sohaning yanada taraqqiy etishiga xizmat qilmoqda.
Bunga shu yil 23-iyunda Prezidentimizning Namangan viloyatiga tashrifi manzillaridan biri bo‘lgan To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan “Uychi parranda” korxonasi yorqin misoldir.

Parhezbop go‘sht yetishtiruvchi mazkur ishlab chiqarish sub’ekti tomonidan qisqa muddatda yirik investitsiya loyihasi amalga oshirildi. Korxonada Vengriyaning “Aviagen” kompaniyasidan keltirilgan 60 ming bosh naslli jo‘ja intensiv texnologiyalar asosida parvarishlandi. Natijada yiliga 9-10 million dona yuqori sifatli tuxum yetishtiriladi. Inkubatsiya jarayonlari orqali 7 million 200 ming bosh jo‘ja chiqariladi. Bu esa mamlakatimizda parrandachilikda naslchilik bazasini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Qolaversa, 2025-yil yakunida To‘raqo‘rg‘ondagi besh gektar maydonda 25 milliard so‘mlik loyiha amalga oshirildi. Bugungi kunda fabrikaning to‘rtta sexida yiliga 40 ming bosh zotdor tovuqlarni parvarishlash imkoniyati mavjud.

E’tiborlisi shundaki, yiliga besh million dona tuxum ishlab chiqariladi va mahsulotni to‘laligicha eksportga sotish orqali 144 milliard so‘m daromad ko‘riladi. Hademay, bunday imkoniyat yanada kengayishi kutilmoqda. Sababi ikki qavatli bino qurilib, yana to‘rtta sexni ishga tushirish ko‘zda tutilgan.
Har biri 100 ming bosh parrandaga mo‘ljallangan komplekslarda broylerlar 45–50 kunlik bosqichda parvarishlanadi va 120 tonna go‘sht tayyor mahsulot sifatida yetkazib beriladi. Shu tariqa ichki bozorda ushbu mahsulotlarga bo‘lgan talabni qondirish va import o‘rnini bosish hamda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha muhim ijtimoiy-iqtisodiy natijalarga erishilmoqda.

Parrandachilik hadisini olgan ishbilarmon Odiljon Rahmatov ta’sischiligidagi “Uychi parranda” mas’uliyati cheklangan jamiyatga 2011-yilda Uychi tumanidagi tashlandiq holga kelib qolgan sobiq “Parranda fabrikasi” negizida to‘la qayta rekonstruksiya qilingach, asos solingan.
Biroq ko‘p yillar mobaynida korxona mavjud ishlab chiqarish quvvatiga erisha olmadi. Respublikamizda tadbirkorlarga qaratilayotgan g‘amxo‘rliklar korxona taraqqiyotida ham tub burilish yasadi. Bir million bosh broylerga mo‘ljallangan sexlar va 1 million 200 ming bosh jo‘ja inkubatoriya kompleksida ish qizg‘in davom etmoqda.

Tadbirkorning qayd etishicha, korxona tomonidan o‘tgan yili 4 ming 700 tonnadan ziyod go‘sht yetishtirildi. Xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy qushxonada bir smenada 90 tonna tovuq go‘shti iste’molchilarga yetkazib beriladi. Viloyatdagi beshta tumandagi sakkizta broyler majmuasida tuxum va go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.
Niderlandiya, Polsha, Turkiya va Xitoy Xalq Respublikasida ishlab chiqarilgan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan sexlarda omuxta yem ham tayyorlanadi. 2025-yilda korxonaning aylanma mablag‘i 206,1 milliard so‘m, eksport hajmi 88,8 milliard so‘m, ya’ni 7,1 million AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatgich 2026-yilning yanvar-may oylarida eksport qiymati 90,8 milliard so‘mga, boshqacha aytganda 7,5 million dollarga yetdi.

Yangi O‘zbekistonda islohotlar tobora jadallashib borayotgan bugungi kunda doimiy ishchilar soni bundan 15 yil avvalgi to‘rt-besh nafardan 200 nafarga yetdi. Ishchi-xodlimlarning oylik maoshi 3,5 million so‘mdan 8 million so‘mga yetmoqda.
– E’tirof etish darkor, berilayotgan imkoniyat, imtiyozlardan unumli foydalangan holda keng qamrovli loyihani amalga oshirishga kirishdik. Ya’ni, davlatimiz rahbari korxonamiz faoliyati bilan yaqindan tanishib, qo‘shimcha 121,1 gektarda 40 ta parrandachilik majmuasi tashkil etish vazifasini belgilab berdi, – deydi tadbirkor Odiljon Rahmatov. – Shundan Kosonsoy tumanida 19,9 gektar, Namangan tumanida 5,5 gektar, Pop tumanida 45, Chust tumanida 3,4 va Chortoq tumanida 5,9, Yangiqo‘rg‘on tumanida 36,9 hamda Yangi Namangan tumanida 5 gektarda parrandachilik loyihalari amalga oshiriladi. Bu loyihalar tufayli 800 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, 120 ming bosh naslli parranda parvarishlanadi. Yiliga 18 million dollarlik tuxum va go‘sht mahsulotlari eksporti amalga oshiriladi va 13,5 ming tonna parranda go‘shti ishlab chiqariladi. 20 million dona tuxum ochirish quvvatiga ega bo‘lgan inkubatoriya quriladi.
Darhaqiqat, umumiy 40 ta parrandachilik majmuasidan iborat “Uychi parranda” korxonasida 4 million bosh broyler boqish tizimi barpo etiladi. Shuningdek, germaniyalik hamkorlar bilan alohida firma tashkil etiladi, unda 100 ming bosh ona tovuq parvarishlanib, vodiy viloyatlaridagi parrandachilik korxonalariga jo‘ja yetkazib beriladi. Yo‘lga qo‘yilgan ana shunday yaxlit sanoat zanjiri nafaqat Namangan, balki butun vodiy bozorlarida parranda go‘shti va tuxum narxi barqarorligini ta’minlaydi.

O‘tgan yili korxonada 25,6 million dona tuxum yetishtirilgan bo‘lsa, joriy yilning yanvar-may oylarida mazkur ko‘rsatkich 22 million donaga yetdi. Shundan salkam 10 million donasi Tojikiston, Qozog‘iston va Afg‘oniston mamlakatlariga eksport qilindi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.