Parlamentlararo ittifoqning yangi prezidenti saylandi
Tanzaniyaning Arusha shahrida Parlamentlararo ittifoq (IPU)ning 153-assambleyasi bo‘lib o‘tdi.
Arushadagi Xalqaro anjumanlar markazi (AICC)da o‘tkazilgan anjumanda 130 dan ortiq mamlakatdan 700 ga yaqin parlament a’zosi, jumladan, 50 nafar spiker va parlamentlarning 45 nafar spiker o‘rinbosari ishtirok etdi. Bundan tashqari, assambleya ishida xalqaro tashkilotlar vakillari, turli davlatlardan ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashib, jarayonni bevosita kuzatib bordi.
Nufuzli anjumanda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etdi. Senat Raisi, senator va deputatlar assambleya doirasidagi mavzulardagi yig‘ilishlar va sessiyalarda faollik ko‘rsatdi.
Aytib o‘tish kerakki, mazkur xalqaro tadbirda ishtirokchilarning 39,4 foizini xotin-qizlar tashkil etdi. Bu assambleya tarixidagi rekord ko‘rsatkichdir.

153-assambleya ishining yakunida Parlamentlararo ittifoq Boshqaruv kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda asosiy e’tibor – demokratik institutlarni va jamoatchilik ishonchini mustahkamlash, teng imkoniyatlarni ta’minlash hamda iqlim o‘zgarishi muammolariga chora ko‘rish masalalariga qaratildi.
Yig‘ilishda prezident saylovi bo‘lib o‘tdi va yakuniy hujjatlar qabul qilindi.
Saylov natijasiga ko‘ra, 182 ovoz olgan Milton Dik (Avstraliya) 2026 - 2029-yillar uchun Parlamentlararo ittifoq prezidenti etib saylandi.
Sahiba Gafarova (Ozarbayjon) 124 ovoz, Roxo Edvards (Chili) esa 21 ovoz oldi.

Yangi saylangan prezident o‘z chiqishida kichik orol –davlatlar manfaatlarini himoya qilish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va demokratiyani mustahkamlashni ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilab olganini qayd etdi. U ochiqlik, o‘zaro hurmat va parlamentlararo muloqotga sodiqligini tasdiqlab, 100 kunlik harakatlar rejasi ishga tushirilishini e’lon qildi.
Tadbir doirasida samarali boshqaruv, jamoatchilik ishonchini mustahkamlash va teng imkoniyatlarni ta’minlash to‘g‘risidagi Arusha kommyunikesi, shuningdek, ikkita rezolyutsiya qabul qilindi.
Mazkur hujjatlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ilgari surish va imkoniyatlarini kengaytirish, Nepal tashabbusi bilan iqlim ofatlari oqibatlariga qarshi kurashish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan parlament choralari kabi maqsadlar mavjud.
Ittifoq nizomi va reglamentiga o‘zgartirishlar kiritildi. Mehnat sohasida sun’iy intellektdan mas’uliyat bilan foydalanish va BMT nizomini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar taqdim etildi.
Parlamentlararo ittifoqning Parlament a’zolari huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi ta’qib va tahdidlarga uchrayotgan qonun chiqaruvchilarni himoya qilish bo‘yicha qarorlar qabul qildi.
Norgul Abduraimova, O‘zA