Parlament vakillariga esdalik nishonlari topshirildi
Prezidentimizning shu yil 22-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risida”gi farmoni asosida mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan, davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan, yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish yo‘lida samarali mehnat qilayotgan ko‘plab yurtdoshlarimizga “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishonlari tantanali ravishda topshirilmoqda.
Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ham “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishonlari o‘z egalariga topshirildi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov yig‘ilganlarni Mustaqillik bayrami va yuksak e’tirof bilan muborakbod etdi, ularga ezgu tilaklar bildirdi.
So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonni barpo etish, inson qadrini ulug‘lash, xalq farovonligini oshirish, iqtisodiy salohiyatni yuksaltirish hamda jamiyat hayotining barcha sohalarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. 35 yillik taraqqiyot yo‘limizda erishilgan barcha natijalarni yanada ko‘paytirish, islohotlarga kamarbasta bo‘lish har bir insonning burchi ekanligi qayd etildi.

Tantanali marosimda esdalik nishonlari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlariga, Qonunchilik palatasi huzuridagi Ombudsmanlar — Inson huquqlari bo‘yicha vakil va Bola huquqlari bo‘yicha vakilga, shuningdek, Parlament tadqiqotlari instituti rahbariyatiga topshirildi.
M.Komilova, O‘zA