Parlament islohotlarimizning dunyoviy e’tirofi
Xalqaro kuzatuvchilar saylovlar erkin raqobat muhitida, siyosiy partiyalar o‘rtasidagi qizg‘in tortishuv va bahs-munozaralar sharoitida o‘tganini, bu jarayonda ommaviy axborot vositalarining roli sezilarli darajada oshganini alohida e’tirof etdilar.
Saylovlarning ochiq va oshkora tarzda, xalqaro talablar va amaldagi qonunchilik me’yorlari darajasida o‘tishini nazorat qilish uchun 50 ga yaqin davlatdan hamda 10 ta xalqaro tashkilotdan 825 nafar kuzatuvchi mamlakatimizga tashrif buyurdi. Saylovlar jarayonida Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining 316 kishilik to‘laqonli missiyasi bilan ilk marotaba yaqin hamkorlik amalga oshirildi.
Xalqaro kuzatuvchilar saylovlar erkin raqobat muhitida, siyosiy partiyalar o‘rtasidagi qizg‘in tortishuv va bahs-munozaralar sharoitida o‘tganini, bu jarayonda ommaviy axborot vositalarining roli sezilarli darajada oshganini alohida e’tirof etdilar.
Darhaqiqat, O‘zbekiston taraqqiyotining bosh ustuvor dasturi – Harakatlar strategiyasi doirasida barcha sohalar qatori demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda Parlamentning rolini yanada kuchaytirish bo‘yicha salmoqli sa’y-harakatlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, keyingi vaqtlarda davlat hokimiyati tizimida Oliy Majlisning o‘rni va roli sezilarli ravishda kuchaydi, mamlakat ichki va tashqi siyosatiga oid muhim vazifalarni hal etish hamda ijro hokimiyati faoliyati ustidan Parlament nazorati samaradorligi ortdi.
Shu bilan birga, Oliy Majlisning davlatlararo munosabatlarning muhim tarkibiy qismi hisoblangan parlamentlararo aloqalari tobora rivojlanib, yangicha mazmun-mohiyat kasb etib borayotganini ham alohida e’tirof etish lozim. Xususan, Milliy parlamentimiz qoshida izchil faoliyat ko‘rsatayotgan 28 ta parlamentlararo hamkorlik va do‘stlik guruhlari parlament diplomatiyasining nufuzini oshirish, tomonlarning o‘zaro pozitsiyalarini yaqinlashtirish, davlatlararo munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishida muhim o‘rin tutmoqda.
O‘z navbatida, Oliy Majlisning dunyodagi parlamentlararo tashkilotlar bilan hamkorlikdagi faoliyati mamlakatimizning xalqaro maydondagi salohiyatini yanada oshirishga, deputatlar va senatorlarimiz turli xalqaro darajadagi nufuzli anjumanlarda ishtirok etib, xalqaro hamjamiyatni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qilmoqda.
Shu ma’noda, kuni kecha butun jahon bo‘ylab tarqalgan yana bir xushxabar barchamizni behad mamnun etgani barobarida, har birimizga yana bir karra cheksiz faxr va iftixor tuyg‘ularini bag‘ishladi.
O‘zbekiston parlamentariysi ilk bor Parlamentlararo ittifoq Ijroiya qo‘mitasi a’zosi sifatida qayd etildi. Ya’ni, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari, akademik, xalqaro miqyosdagi davlat va jamoat arbobi Akmal Saidov 179 davlatni birlashtirgan jahon parlamentlarining xalqaro organi – Parlamentlararo ittifoq Ijroiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari hamda moliya bo‘yicha kichik qo‘mita a’zosi etib saylandi. Ittifoqning Yevroosiyo guruhi tomonidan ilgari surilgan O‘zbekiston vakilining nomzodi tashkilotga a’zo davlatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullangani yurtimizda izchil olib borilayotgan ichki va tashqi siyosat, yangi bosqichdagi tub islohotlarni xalqaro jamoatchilik faol qo‘llab-quvvatlayotganining yana bir hayotiy isbotidir.
Bu mamlakatimizda parlament diplomatiyasini yanada rivojlantirish, Qonunchilik palatasi va Senatning yetakchi xalqaro tashkilotlar hamda ilg‘or xorijiy davlatlar parlamentlari bilan o‘zaro manfaatli aloqalari ko‘lamini kengaytirish va sifatini oshirish, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori hamda reytingini mustahkamlash, pirovardida dunyo arenasida milliy manfaatlarimizni izchil ilgari surishimizda yana bir muhim imkoniyatdir.
Eng asosiysi, Prezidentimiz Murojaatnomasida ta’kidlangan: “demokratik islohotlar yo‘li – biz uchun yakkayu yagona va eng to‘g‘ri yo‘l” ekani ayni haqiqat ekanining dunyoviy e’tirofidir.
Eldor TULYaKOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori