Parkentning turizm istiqbollari kengaytiriladi
Bosh vazir o‘rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov Toshkent viloyati hokimining o‘rinbosari Jamshid Babajanov va hudud mas’ullari hamrohligida Parkent tumanida turizm salohiyati va sohada amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Xususan, sohani rivojlantirish borasida tadbirkorlar bilan fikr almashildi. Kumushkon qishlog‘i mehmon uylarini ko‘zdan kechirdi. Tumanda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan jami qiymati 66,6 milliard so‘m bo‘lgan 3 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi natijasida 40 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Jumladan, Kumushkonda Respublikada birinchilardan bo‘lib “Turizm qishlog‘i” loyihasi boshlangan.

Sababi bu qishloq nafaqat Parkent tumani, balki Toshkent viloyatida ham ziyorat va tog‘ turizmi imkoniyatlari kengligi bilan ajralib turadi. Insonga yoquvchi toza havosi, go‘zal tabiati va ziyoratgohlari ko‘pligi tufayli yil bo‘yi sayyohlar keladigan manzilga aylangan. Hozirgi kunda bu yerda alohida yo‘nalishlar bo‘yicha — etnoqishloq, milliy taomlar qishlog‘i, hunarmandlar qishlog‘i hamda agroturizm qishlog‘ini yaratilmoqda. Shu bilan birga, bu yerda mehmon uylari, xalq kutubxonasi, yoshlar ijodiyot markazi, xalq o‘yinlari va sport namoyishlari maydonchasi, o‘tovlar shaharchasi, turizm axborot markazlari, suvenirlar hamda hunarmandchilik mahsulotlari do‘koni, zamonaviy sanitarik-gigiyenik shoxobchalar, sayyohlar uchun tibbiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi hamda mavsumiy dam olish maskanlari faoliyat yuritmoqda.

O‘rganish davomida hududda turizm jozibadorligini yanada yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari va boshqa turizm ob’ektlarni tashkil etish bo‘yicha qator vazifalar belgilandi.
A. Musayev, O‘zA