Parijdagi harbiy parad Yevropa va Ukraina birdamligi ramziga aylandi
Fransiyaning milliy bayrami – Bastiliya kuni munosabati bilan Parijda o‘tkazilgan an’anaviy harbiy parad bu yil nafaqat tarixiy sana, balki Ukrainaga qaratilgan kuchli siyosiy ishoraga aylandi. Ilk bor paradda Yevropa davlatlari harbiylari bilan bir qatorda Ukraina askarlari ham qatnashdi.
Paradni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan birga qabul qildi. Tantanali yurishda Kiyevni qo‘llab-quvvatlayotgan “Coalition of the Willing” tarkibidagi 500 nafar harbiy, shuningdek Ukraina Qurolli kuchlarining 25 nafar vakili ishtirok etdi.
Makron o‘z nutqida Yevropa xavfsizligi haqida gapirar ekan, “Tinchlik — maqsadimiz, ammo erkinlik va qonun ustuvorligini himoya qilish uchun kerak bo‘lsa, qon to‘kishga ham tayyormiz”, deya bayonot berdi.
Tadbir yana bir muhim sana – Nitssa shahrida 2016-yil 14-iyul kuni sodir etilgan terrorchilik hujumining 10 yilligi munosabati bilan xotira marosimi ko‘rinishida davom etdi. O‘shanda yuk mashinasi odamlar ustiga haydalib, 86 kishi halok bo‘lgan, 400 dan ortiq inson jarohat olgan edi.
Bu yilgi Bastiliya kuni Makron uchun ham ramziy ahamiyatga ega. Ikki muddatlik prezidentlik vakolati yakuniga yetayotgan fransuz yetakchisi mamlakatning so‘nggi milliy bayram paradini qabul qildi. Ekspertlar fikricha, bu yilgi tadbir Fransiyaning harbiy qudratidan ko‘ra, Yevropa va Ukrainaning birdamligiga urg‘u bergani bilan tarixda qolishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA