Parhez mahsulot mo‘l bo‘ladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-avgustdagi “Baliqchilik tarmog‘ida monopoliyadan chiqarish va xususiylashtirishni chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori baliqchilikni rivojlantirish, tarmoqda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-avgustdagi “Baliqchilik tarmog‘ida monopoliyadan chiqarish va xususiylashtirishni chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori baliqchilikni rivojlantirish, tarmoqda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.Mazkur qaror va boshqa dasturlarga ko‘ra, joylarda ko‘plab baliqchilik xo‘jaliklari tashkil etilib, ularning faoliyati har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu yangi ish o‘rinlari yaratish, suv resurslaridan samarali foydalanish va eng muhimi, aholining baliq mahsulotiga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qilmoqda.
Samarqand viloyatida ham ushbu yo‘nalishdagi ishlar aniq dasturlar asosida izchil davom ettirilmoqda. Hududlarda yangi baliqchilik xo‘jaliklari tashkil etish va mavjudlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor berilmoqda.
– Bugungi kunda baliqchilik xo‘jaliklari 200 dan oshdi, – deydi Samarqand viloyati qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi chorvachilik sektori mutaxassisi Alijon Abbosov. – Ular o‘z tasarrufidagi 1 ming 78 gektar tabiiy, 1 ming 81 gektar sun’iy suv havzalarida oq amur, karp, do‘ngpeshona va boshqa turdagi baliqlarni parvarishlamoqda. Davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar tufayli sohada mahsulot tayyorlash hajmi yil sayin oshmoqda. Masalan, 2008-yilda viloyat bo‘yicha 211 tonna baliq yetishtirilgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 1 ming 384 tonnani tashkil etdi. Joriy yilda mahsulot hajmi o‘tgan yildagidan ham ko‘payishi kutilmoqda.
Samarqand tumanidagi “Oq Amur baliqlari” fermer xo‘jaligi viloyatdagi yirik baliqchilik xo‘jaliklaridan biri. Xo‘jalikning 30 gektarlik suv havzalarida baliq yetishtirish bilan birga, urug‘chilik ham yo‘lga qo‘yilgan.
– Ilk faoliyat boshlagan paytimizda baliq chavoqlarini Toshkent viloyatidan keltirar edik, – deydi fermer xo‘jaligi yetakchisi Komil Halimov. – Lekin bu ancha xarajat va yo‘qotishlarga olib kelardi. Keyinchalik xo‘jaligimizda baliq chavoqlarini ko‘paytirishni yo‘lga qo‘ydik va ayni paytda viloyatimizdagi baliqchilik xo‘jaliklariga ham yetkazib beryapmiz. Joriy yilda suv havzalarimizga 21 ming 665 kilogramm baliq chavoqlari tashladik. Bundan tashqari, yil boshidan buyon ichki bozorga 15 tonnadan ortiq baliq chiqarishga erishdik. Ayni paytda xo‘jalikda yana to‘rtta suv havzasi tashkil etilmoqda.