Parakanoechilarimiz muvaffaqiyati
Tailandning Pattayya shahrida bo‘lib o‘tgan parakanoe bo‘yicha Osiyo chempionati o‘z yakuniga yetdi.
E’tiborlisi, Osiyoning 10 ga yaqin mamlakatidan 50 dan ortiq sportchi ishtirok etgan ushbu musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 4 tadan oltin va kumush medalga sazovor bo‘lgan holda, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Kuchli uchlikdan Eron va Qozog‘iston terma jamoalari joy oldi.
Osiyo chempionatining KL3 klassida ayollar o‘rtasida hamyurtimiz Shahnoza Mirzayeva 49.882 soniya natija bilan oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Irodali sportchimiz murasasiz bahslarda Eron, Qozog‘iston, Hindiston va Tailand sportchilarini ortda qoldirdi.
Xuddi shuningdek, Osiyo chempionatining KL3 klassida hamyurtimiz Hasan Qo‘ldashev 42.232 soniya natija bilan Eron, Tailand, Hindiston, Qozog‘iston va Janubiy Koreya sportchilarini ortda qoldirgan holda oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Chempionatining VL3 klassi bahslarida yana bir sportchimiz – Haytmurod Sherqo‘ziyev 49.787 soniya natija bilan oltin medalga egalik qilgan bo‘lsa, 50.695 natija qayd etgan To‘rabek Nazarqulov kumush medalni qo‘lga kiritdi. Mazkur yo‘nalishning ayollar o‘rtasidagi bahslarida Muxlisa Eshmirzayeva ham oltin medalga ega chiqdi.

VL2 (kanoe) hamda KL2 (baydarka) klasslarida sovrinli o‘rinlarga dahvogarlik qilgan Iroda Rustamova esa 2 ta kumush medalli bo‘ldi.
Terma jamoamiz a’zolaridan Azizbek Abdulhabibov (KL2) ham so‘nggi pallada kumush medalli bo‘ldi.
Ahamiyatlisi, yakuniga yetgan chempionatda 8 marta O‘zbekiston bayrog‘i yuksalib, 4 marta madhiyamiz yangradi.
T. RO‘ZIEV, O‘zA.