Para taekvondo bo‘yicha O‘zbekiston vakillari 8 ta medalni qo‘lga kiritdi
Pokistonning Lahor shahrida para taekvondo bo‘yicha «World Taekwondo President’s Cup – Asia» xalqaro musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
15 mamlakatdan 100 nafarga yaqin para atlet ishtirok etgan nufuzli musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi 1 ta oltin, 3 ta kumush va 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 3-o‘rinni egalladi.
Musobaqada yurtdoshlarimiz orasida eng yaxshi natijani -52 kilogramm vazn toifasida Karomat Rustamova qayd etdi. U barcha raqiblarini ortda qoldirib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
Kumush medallar -47 kilogramm vaznda Madina Musinova, -52 kilogramm vaznda Umida Mamarajabova hamda -65 kilogramm vaznda Zulfiya Bikbulatovaga nasib etdi. Bronza medallar esa -58 kilogramm vaznda Fayoz Valijonov, -63 kilogramm vaznda Qudrat Haydarov va Zuhriddin Tohirov, +80 kilogramm vaznda Umarjon Mo‘ydinovga tegishli bo‘ldi.
Musobaqa yakunida Karomat Rustamova nafaqat oltin medal, balki «Eng yaxshi ayol sportchi» nominatsiyasida g‘oliblikni ham qo‘lga kiritdi.
Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasi 8 ta medal bilan umumjamoa hisobida faxrli 3-o‘rinni egalladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA