Pandemiya sharoitida ehtiyojmand aholi qo‘llab-quvvatlanmoqda
Qashqadaryo viloyatining Qarshi hamda Chiroqchi tumanlarida yashovchi 118 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqaroga Yevropa Ittifoqi tomonidan ajratilgan moddiy yordam mablag‘lari tarqatildi.
Ushbu tadbirlar “Yuksalish” umummilliy harakati amalga oshirayotgan loyiha doirasida o‘tkazildi.
Ma’lumki, Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magi bilan shu yilning aprel oyida “COVID-19 pandemiyasining O‘zbekiston fuqarolik jamiyatiga ta’sirini kamaytirish dasturi” ishga tushirildi. Mazkur Dastur doirasida “Yuksalish” umummilliy harakati “Taraqqiyot” aholi turmush tarzini rivojlantirishga ko‘maklashish markazi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonning chekka qishloq hududlarida pandemiya sharoitida qarorlar qabul qilishda aholining ehtiyojmand qatlami ishtirokini oshirish” loyihasini yo‘lga qo‘ydi. Maqsad, mahalliy hokimliklar va tegishli davlat idoralari bilan hamkorlikda qishloq aholisining ehtiyojlarini baholash va manzilli yordam ko‘rsatish, mahalliy kichik infratuzilmani tiklash va yaxshilash bo‘yicha inklyuziv yondashuvlarni amalga oshirishdan iborat edi.
Qarshi va Chiroqchi tumanlarida tashkil etilgan tadbirlarda shu vaqtga qadar loyiha doirasida qilingan ishlar taqdimot qilindi. Qayd etilganidek, mazkur loyihaning uchinchi bosqichi joriy yilning avgust oyida Qashqadaryo viloyatida o‘tkazildi. Loyiha mezonlaridan kelib chiqib, viloyatning Qarshi tumanidan “Qoratepa” va “Saroy” MFYlari, Chiroqchi tumanidan “Tor jilg‘a” va “Eski Anhor” MFYlari tanlab olindi. Ushbu MFYlarda yashovchi boquvchisini yo‘qotgan ko‘p bolali ayollar, 1-guruh nogironlari, 65 yoshdan oshgan yolg‘iz keksalar, ehtiyojmand oilalar ro‘yxati fuqarolarning o‘zlari ishtirokida shakllantirildi.
Tadbirda onlayn ishtirok etgan Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi loyiha menejeri Aleksandr Zenebe ushbu jarayonda nafaqat fuqarolik jamiyati institutlari, balki aholining zaif qatlami ham ishtirok etayotganini ijobiy baholadi.
– Yevropa Ittifoqi koronavirus pandemiyasi ta’sirini yumshatishga qaratilgan jahon, mamlakatlar va hududiy miqyoslardagi dasturlarni ishga tushirgan, – deydi A.Zenebe. – Xususan, O‘zbekistonda COVID-19 pandemiyasining O‘zbekiston fuqarolik jamiyatiga ta’sirini kamaytirishga oid dastur uchun qariyb 37 million yevro ajratilgan. Bunda fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilish, ularning salohiyatini o‘stirish, aholi farovonligini oshirish ko‘zda tutilgan. Dastur doirasidagi mahalliy loyihalarda nafaqat fuqarolik jamiyati institutlari, balki aholining zaif qatlami ham ishtirok etib, qarorlar qabul qilayotgani bizni mamnun qiladi.
Ikki kun davomida ehtiyojmand deb topilgan 118 nafar fuqaroga pul mablag‘lari (plastik kartada 3 687 900 so‘mdan) hamda sertifikat topshirildi. Shu tariqa Qarshi tumanidan 60 kishi, Chiroqchi tumanidan 58 kishi moddiy yordam oldi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA