Pandemiya birja savdolariga qanday ta’sir qildi?
2020 yilda koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq noqulayliklar va cheklovlarga qaramasdan, O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasining barcha savdo platformalarida ijobiy natijalarga erishildi.
Bu haqida «O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi» AJda birjaning 2020 yildagi faoliyati yakunlari hamda 2021 yildagi rejalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda alohida qayd etildi.

– O‘tgan yili 53,6 trillion so‘mga teng bitimlar imzolangan bo‘lib, bu 2019 yilning shu davriga nisbatan 24,7 foiz ko‘p demakdir, – deydi O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi boshqaruv raisi Ziyovuddin Badriddinov. – Jumladan, birja savdolari 24,5 foizga, elektron davlat xaridlari 13,4 foizga, ko‘rgazma-yarmarka savdolari 53 foizga, avtoraqam onlayn auksion – 58 foizga, mobil raqamlar bo‘yicha onlayn-auksion – 57,2 foizga o‘sgan.
«Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasida qator yirik innovatsion loyihalar amalga oshirildi. Xususan, birja savdolari sohasida ilk marta forvard savdolar o‘tkazildi. Ko‘rgazma-yarmarka savdolari tizimida birjaning hisob-kliring palatasi orqali tuzilgan bitimlar kafolatini ta’minlovchi mexanizm yo‘lga qo‘yildi.
Davlat xaridlari yo‘nalishida qo‘shimcha milliydokon.uzex.uz, elektron konkurs va tender bo‘yicha etender.uzex.uz sahifasi ishga tushirildi. Shuningdek, birjaning logistika portalida transport.uzex.uz hamda elektron hujjat aylanmasi bo‘yicha yangi servis exdoc.uz yo‘lga qo‘yildi.
Pandemiya sababli amalga oshirilmay qolgan rejalar Murojaatnomadan kelib chiqqan holda quyidagi ustuvor vazifalar asosida belgilab olindi. Birja savdolari va elektron tijorat bo‘yicha yangi mexanizmlarni joriy etish, elektron savdolarga qo‘shimcha tovar resurslari va savdo ishtirokchilari, xususan kichik biznes sub’ektlarini jalb qilish, birjada IT-infrastrukturani takomillashtirish va axborot xavfsizligini kuchaytirish, birja hududiy filiallarining mijozlar bilan samarali ishlashi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish shular sirasidandir.
Yig‘ilishda barcha yo‘nalishlar bo‘yicha fikr almashildi va birjaning keyingi faoliyatiga oid aniq takliflar ishlab chiqildi.