Ozodbek tadbirkor bo‘lmoqchi
Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratish, ayniqsa, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratish, ayniqsa, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.Prezidentimizning 2010-yil 28-iyuldagi “Ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlarini tugatgan yosh mutaxassislarning bandligini ta’minlashda muhim dasturilamal bo‘layotir.
Jizzax viloyatida ushbu hujjat ijrosi doirasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi va boshqa tashkilotlar hamkorligida yoshlarda tadbirkorlik ko‘nikmasini shakllantirish, ularni bu sohaga keng jalb etish, uy mehnati va kasanachilikni rivojlantirish, biznes rejalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan turli tadbirlar o‘tkazilayotir. “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” an’anaviy tanlovi bunda alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Tanlovning bu yilgi viloyat bosqichida 130 nafar yosh sanoat, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, servis xizmati kabi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z biznes rejasi bilan ishtirok etdi.
– Tadbir doirasida tashkil etilgan o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarda biznes reja tuzish qoidalari, tijorat banklaridan kredit olish tartib-taomillari, xususiy tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish haqida atroflicha ma’lumotga ega bo‘ldik, – deydi Do‘stlik qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Ozodbek Mirodimov. – Xo‘jalik sovuni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha taqdim etgan loyiham tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma olganidan juda xursandman.
Tanlovning mamlakat bosqichida viloyatdan 10 nafar yigit-qiz ishtirok etadigan bo‘ldi.