Ozod mamlakatning baxtiyor bolalari
Har yili 1-iyun butun dunyo bo‘ylab “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” sifatida keng nishonlanadi.
Namangan viloyatida ham “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” munosabati bilan bir qator ma’naviy-ma’rifiy va madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etilmoqda. Har yili shahar, tumanlardagi madaniyat va istirohat bog‘laridagi mavjud attraksionlar bolajonlarga imtiyozli tarzda xizmat ko‘rsatib keladi.


O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi tashabbusi bilan Yangi Namangan tumani Furqat hamda Bunyodkor mahallalarida bolajonlar o‘rtasida sport musobaqalari, rasmlar ko‘rgazmalari, she’rlar mushoirasi kabi bayram tadbirlari uyushtirildi. Ularda faol ishtirok etgan kichkintoylarga “Mahalla” jamg‘armasi tomonidan ajratilgan sovg‘alar: ryukzak, sport kiyimi va kepka taqdim qilindi. Mahalla fuqarolar yig‘ini vakillariga esa atoqli yozuvchi Xayriddin Sulton qalamiga mansub “Yaldo kechasi” romani kitobi topshirildi. Saxovatli insonlarning homiyligida tarqatilgan o‘quv qurollari va muzqaymoqlar o‘g‘il-qizlarga olam-olam quvonch ulashdi.



– Fayzli, baxtli yurtga bayramlar yarashadi. Bolajonlar bayramida mahallamizdagi 100 dan ortiq jajjilarning ko‘nglini xushnud etishni niyat qilgandik, – deydi Yangi Namangan tumanidagi Furqat nomli mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Saodatxon Xolboyeva. – “Mahalla” fondi, tuman hokimligi hamda saxovatli tadbirkorlar ko‘magida maqsadimiz amalga oshirildi. Kichkintoylarga sovg‘alar, kitoblar va muzqaymoq, salqin ichimliklar taqdim qilindi. Shaxmat-shashka musobaqasi, rassomlik ko‘rgazmasi, she’riyatxonlikda faollik ko‘rsatgan dilbandlarning har biriga sovg‘alar berildi. Bu g‘amxo‘rlik bolajonlarning yodida uzoq vaqtgacha muhrlanib qolishi, shubhasiz.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA