Ozod bo‘lmasang yashash qiyin ekan
Bolalikda kim bo‘lishni orzu qilgansiz, degan savolimga suhbatdoshim “Orzu... Bunga vaqtim ham, holim ham bo‘lmagan.
Orzularga berilish, unga intilish uchun ham ozgina sharoit bo‘lishi kerak...”, degan javobni berdi.
Suhbat asnosida bildimki, tirikchilik tashvishi bolalarning murg‘ak orzulariga ham chang solgan.
Kumushbibi to‘rtinchi sinfda o‘qiyotganida dadasi vafot etgan. Uy bekasi bo‘lgan onasi bir etak voyaga yetmagan bolalari bilan boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.
Yashash uchun kurashish bolalarni mehnatga ko‘mdi. Qishloqda boshqa ish bo‘lmagani sababli dehqonchilikka zo‘r berishdi. Ammo ish og‘ir, daromad esa kam edi.
Og‘ir turmush sharoitidan qiynalgan qiz turmushga chiqsam, hammasi izga tushib ketadi, deb umid qildi. Ammo turmush o‘rtog‘i kasalikka chalinib, vafot etdi.
Taqdirning beshafqatligidan charchagan qizning hamma narsadan ko‘ngli qoldi. Menga endi baribir, degan fikr bilan yashay boshlagan Kumushbibi tirikchilik uchun duch kelgan ishni bajarar, hatto bir safar narkokurerlik taklifini ham qabul qildi. Ammo...
2019 yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida bo‘lib o‘tgan sudda Kumushbibiga 6 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi berildi.
Hatto osmonni bemalol ko‘rish mumkin bo‘lmagan panjarali to‘rt devor ichida Kumushbibining ko‘zi ochildi. Hayot, erkin yashash aslida katta ne’mat ekanligini angladi.
– Ozod bo‘lmasang yashash qiyin ekanini undan ayrilgach bildim, – deydi Kumushbibi. – Turmush tashvishi, qiyinchiliklar insonning ozodligi oldida hech narsa emas ekan. Halol mehnat qilib kurashishim kerakligini juda kech tushundim. Qamalganimda men uchun hayot tugadi, deb o‘ylagandim. Ammo qamoqxonada o‘zim kabi adashgan bir qiz bilan do‘stlashdim. Biz Sitora bilan birga zulmatdan nurga talpinamiz, hayotda o‘z yo‘limizni topamiz, deb ahdlashdik. Yaratgandan ham bir kunda ozod bo‘lishni so‘rab duo qilardik.
Xalqimiz yaxshi niyat – yarim mol, deb bejiz aytmaydi. Bu ikki qiz qamoqxonadan bir kunda chiqdi.
Bunga davlatimiz rahbarining Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz yilligi munosabati bilan “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmoni sabab bo‘ldi.
Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan sodir etgan jinoyati uchun jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 215 nafar shaxs afv etildi.
Afv etilgan shaxslarning 3 nafari asosiy jazodan ozod etildi, 127 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 12 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 73 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Afv etilganlarning 14 nafarini ayollar, 12 nafarini 60 yoshdan oshgan erkak, 69 nafarini chet davlat fuqarolari, 15 nafarini taqiqlangan tashkilotlar ishtirokchilari tashkil etdi.
Yuksak insonparvarlik akti hisoblangan afvdan bahramand bo‘lgan Kumushbibi jazodan to‘liq ozod bo‘lib, ona uyiga qaytdi. Sitora garchi ozod etilmagan bo‘lsa ham o‘tayotgan jazosi yengilrog‘iga almashtirildi. Ya’ni, u ayni paytda nisbatan erkin bo‘lgan muassasada va do‘sti bilan telefon orqali tez-tez muloqot qilish imkoniga ega.
Kumushbibi o‘ziga berilgan ozodlikni hayotidagi eng katta imkon, deb qabul qildi. U bundan unumli foydalanib, nafaqat o‘zi, oilasi, balki elu yurtga foyda keltiradigan ishlar qilish niyatida. Buning uchun u uyida tikuvchilik sexi ochish ishlarini boshlab yubordi.
Norgul Abduraimova, O‘zA