O‘zMTDP “Otalar kuni”ni nishonlashni taklif etmoqda
Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot sari borishni maqsad qilgan O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi milliy qadriyat va an’analar, urf-odatlarni asrab-avaylashga qaratilgan qator tashabbuslar bilan siyosiy maydonga chiqmoqda. Ayniqsa, oila institutini mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni himoyalash borasida muhim takliflar ilgari surilmoqda.
Partiya oilaning jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lishini, nikoh O‘zbekiston xalqining an’anaviy oilaviy qadriyatlariga, nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanishini, davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratishini qo‘llab-quvvatlaydi.
Oila instituti va oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash borasida partiya oilaviy an’analar, axloqiy qadriyatlar va huquqiy mezonlarni takomillashtirish, oila sha’ni va shavkati himoyachisi – erkaklarning oiladan, bola tarbiyasidan uzoqlashishining oldini olish, “Otalar kuni”ni ijtimoiy-siyosiy kun sifatida bayram qilinishini ta’minlashni ilgari surmoqda.

Shuningdek, O‘zMTDP erta nikoh, voyaga yetmagan qizlarni unashtirish yoki “og‘iz solish” bilan bog‘liq salbiy udumlarning oldini olish, qadriyatlarimizga zid bo‘lgan oila tushunchasi, gender o‘lchovlariga qarshi kurashning huquqiy asoslarini kuchaytirish, ota-onaning farzand tarbiyasidagi rolini hamda bolalar xavfsizligini ta’minlashga mas’ulligini oshirish tarafdoridir.
Partiyaning Saylovoldi dasturi hamda unda ilgari surilayotgan bu kabi muhim hayotiy tashabbuslar tashviqot jarayonlarida keng aholi vakillariga tushuntirilmoqda.
Muhtarama Komilova, O‘zA