“O‘zmilliybank” AJ: mijozlar manfaati doimo ustun
Mamlakatimizning yangi iqtisodiy rivojlanish bosqichida xizmatlar sohasini jadal rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, xizmatlar sohasi mamlakat iqtisodiy o‘sishi, arzon ish o‘rinlari yaratish, bandlikni ta’minlash va kambag‘allikni kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatda mehnat unumdorligini va inson kapitalini oshirish, xalqaro savdoni kengaytirish imkoniyatlari ham xizmatlar sohasi rivojini talab qiladi. Shu o‘rinda raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, ayni paytda mamlakatimizda YAIM hajmining 38 foizi, jami korxonalarning 60 foizi, jami band aholining 50 foizdan ortig‘i xizmatlar sohasiga to‘g‘ri keladi.
Jumladan, o‘tgan 2021 yilning o‘zida soha rivoji uchun hukumatimiz tomonidan qator qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilindi. Prezidentimizning 2021 yil 11 maydagi “Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish to‘g‘risida” gi qarorida xizmatlar sohasini muhim drayverga aylantirish va 2023 yilga qadar xizmatlar hajmini ikki baravarga oshirish belgilandi. Mazkur qaror ijrosi doirasida xizmatlar sohasining joylardagi rivojlanish jarayonini “O‘zmilliybank” AJ Qashqadaryo viloyati filiali faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin.
“O‘zmilliybank” AJ Qashqadaryo viloyati filiali 1992 yil 3 avgustda tashkil topgan bo‘lib, shu kunga qadar Qashqadaryo viloyatining turli hududlarida faoliyat yuritib kelmoqda. Jumladan, Qarshi, G‘uzor, Shahrisabz va Muborak tumanlarida bankning 4 ta filiali va Nishon tumanida Bank xizmatlari markazi (BXM) aholiga sifatli bank xizmatlarini taqdim etmoqda.
[gallery-7050]
Mazkur filiallar va BXM tomonidan ajratilgan kreditlar hisobidan Qashqadaryo viloyatida katta maydonlarda intensiv bog‘lar, yirik sig‘imli zamonaviy muzlatgichlar, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish markazlari, umumiy ovqatlanish maskanlari tashkil topdi. 2021 yilda tarmoqlar bo‘yicha tahlil qilinganda sanoat sohasida - 466,3 milliard so‘mlik 29 ta, qishloq xo‘jaligida – 354,3 milliard so‘mlik 17 ta, xizmat ko‘rsatishda - 109,2 milliard so‘mlik 139 ta loyihalar amaliyotga tadbiq etilgan.
Ushbu tadbirkorlik sub’ektlariga kredit mablag‘lari ajratilishi natijasida 2 ming 296 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
– Mijozlar manfaatini doimo ustun qo‘yganmiz. Hozirgi kunda filialimiz tomonidan jami 272,8 mingta mijozga xizmat ko‘rsatiladi, – deydi “O‘zmilliybank” AJ Qashqadaryo viloyati filiali Bank tarmoqlari va servisni rivojlantirish bo‘yicha katta menejeri Faridun Anvarov. – Shundan 257,1 mingtasi jismoniy shaxslar va 15,7 mingtasi yuridik shaxslar hisoblanadi. Jismoniy shaxslarning jami depozit qo‘yilmalari 59,5 milliard so‘mni tashkil etadi. To‘lov plastik kartochkalaridan foydalanishda qulayliklar yaratish maqsadida joylarda 18 ta bankomat, 18 ta infokioska, 1822 ta savdo terminallari dislokatsiya qilingan. Bundan tashqari, aholiga valyuta amaliyotlarida qulayliklar yaratish maqsadida viloyat hududida 4 ta valyuta ayirboshlash shahobchasi va 24/7 rejimda xizmat ko‘rsatuvchi 3 ta avtomatlashtirilgan valyuta ayirboshlash shaxobchasi (bankomat) shahar va tuman fuqarolariga hamda tashrif buyurgan mehmonlarga xizmat ko‘rsatmoqda.
Bankning filialida zamonaviy innovatsion bank xizmatlari ko‘rsatilishiga alohida ahamiyat qaratilgan. Bank mijozlarining 54 foizi masofadan boshqariladigan bank xizmatlaridan foydalanmoqda. Bunda hisob raqamlarda bank aylanmalarini amalga oshirish, onlayn kredit rasmiylashtirish yoki kredit qarzdorligini qoplash, xalqaro va milliy plastik kartochkalarda xar qanday bank amaliyotlari hamda to‘lovlarni amalga oshirish, omonat rasmiylashtirish amaliyotlari, xorijiy valyutalarda konversion amaliyotlar, pul o‘tkazmalari kabi bank xizmatlaridan masofadan foydalanish mumkin.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.