OʼzLiDePning uch tadbiri bir kunda o‘tkazildi
Navoiy shahrida OʼzLiDePning birato‘la uch tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirkorlar va Ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasi maxsus iqtisodiy zonalar faoliyati samaradorligini oshirish, ularning imtiyozlarni qo‘llashdagi muammolarini o‘rganish va hal etish maqsadida viloyatlar bo‘ylab bir qancha tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Navoiy shahrida OʼzLiDePning birato‘la uch tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Kunning birinchi yarmida OʼzLiDeP Navoiy viloyati Kengashi tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari hamda respublikada birinchilardan bo‘lib Navoiy viloyatida tashkil etilgan erkin iqtisodiy industrial zona bo‘ylab PRESS TUR tashkil etildi.
OʼzLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasi vakillari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda Xalq deputatlari mahalliy Kengash deputatlari, Yoshlar Parlamenti a’zolari hamda tadbirkorlardan iborat guruh dastlab Navoiy shahrida yaqin kunlarda faoliyat boshlagan «Korxonalarni Sog‘lomlashtirish va Xususiylashtirish Klinikasi»da bo‘lib , bu yerdagi shart-sharoitlar, mijozlarga xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalari yuzasidan tekshiruvlar o‘tkazdi.
So‘ngra Karmana tumanida joylashgan kichik tadbirkorlik sub’ekti—poliyetilen quvurlar ishlab chiqaruvchi «OZOD PLAST» MCHJ faoliyati o‘rganildi. MCHJ rahbari Manzura Karimova bilan suhbatlashilib, korxona faoliyatini kengaytirish yuzasidan tajribali tadbirkorlar tomonidan yo‘nalishlar berildi.

Shuningdek, PRESS TUR ishtirokchilari yiliga o‘rtacha 15 ming tonna 14 turdagi bentonit gil kukuni ishlab chiqarayotgan “BENTONITE” MCHJ da ham bo‘lib, u yerda amalga oshirilayotgan ishlar va innovatsion loyihalar bilan tanishdi. Ayniqsa, yoqilg‘i moyini o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan bentonit gil kukunidan foydalangan holda qayta tozalash mumkinligi va bu 18 million so‘mlik xarajatni 5 millionga qisqartishiga oid loyiha ko‘pchilikni qiziqtirib qo‘ydi.


PRESS TUR kun tartibiga ko‘ra navbatdagi yo‘nalish Navoiy erkin iqtisodiy zonasida faoliyat olib borayotgan “TELEKOM INNAVATIONS”, “TELEKOM DEVICES PRO”, “SHURTAN Navoi PLast” korxonalari bo‘ldi., Elektrotexnik mahsulotlar, telekommunikatsion uskunalar va poliyetilen quvurlar ishlab chiqarayotgan va bu sohalarda yangi loyihalarni taqdim etayotgan ushbu korxonalardagi ish jarayoni, yaratilayotgan ish o‘rinlari, taqdim etilayotgan loyihalarning samaradorligi yuzasidan suhbatlar olib borildi.
Ayniqsa, “TELEKOM INNAVATIONS” qo‘shma korxonasi taqdim etayotgan yangi loyiha— optik tolalar yetib bormaydigan hududlarga internetni havo orqali yetkazish, 20 km.lik qishloqni oldingiday 80-100 millionga emas, bor yo‘g‘i 10 million so‘m bilangina internetlashtirish, shuningdek, “TELEKOM DEVICES PRO” MCHJ tomonidan «O‘zbekiston» milliy smartfonlarining sotuvga chiqarilayotgani yoshlarni taajjublantirmay qolmadi.
Kunning ikkinchi yarmida esa Navoiy shahridagi Yoshlar markazi binosida «Maxsus iqtisodiy zonalar faoliyati samaradorligini oshirish, ularni xususiylashtirish istiqbollari, imtiyozlarni qo‘llashdagi muammolar va yechimlar» mavzusida “OʼzLiDeP PRESS KLUB”ining 9-soni bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda Navoiy EIIZni tashkil etish barobarida 91 ta loyiha amalga oshirilgani va bu maxsus iqtisodiy zonalar tashkil etilishi qanchalik muhimligini belgilab bergani e’tirof etildi.
Shundan so‘ng Navoiy shahridagi Yoshlar xiyoboni markaziy maydonida OʼzLiDePning 17 yilligi munosabati bilan ko‘ngilochar musiqiy dastur namoyish etildi.
OʼzLiDeP Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasi vakili B.Ruhiddinov viloyat ahlini bayram bilan tabriklab, viloyat miqyosida partiyaning g‘oya va maqsadlarini keng aholi orasida targ‘ib etib, loyiha va tanlovlarda faol ishtirok etgan partiya faollariga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alarini topshirdi
«Ayollar qanoti» faoli, «Ishbilarmon ayol-2020» ko‘rik-tanlovi Respublika bosqichining eng yosh ishtirokchisi, «Chingizxon Merey» MCHJ rahbari, Merey Amanbayeva esa tadbirkorlik va partiya hayotiga doir qiziqarli savol-javoblar tashkil etib, bu orqali yig‘ilganlarda tadbirkorlikka qiziqish uyg‘otdi.
OʼzLiDeP Navoiy viloyati Kengashi matbuot xizmati