O’zLiDeP: nomzodlar saylovchilar huzurida
Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda viloyat, shahar va tuman Kengashlari sayloviga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.
2024 yilgi saylovlarga “Va’da emas natija, ertaga emas bugun” shiori ostida 500 muhim ustuvor vazifani o‘z oldiga qo‘ygan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi Namangan viloyatida targ‘ibot ishlariga alohida e’tibor qaratmoqda.

Jumladan, Norin tumanidagi madaniyat markazida, “27-Namangan” saylov okrugidan parlament quyi palatasi deputatligiga nomzodi ko‘rsatilgan Markaziy bank Namangan viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i Ma’rufjon Rahmonovning saylovchilar bilan uchrashuvi tashkil etildi. O’zLiDeP Namangan viloyati kengashi mutasaddilari, xalq deputatlari viloyat va tuman Kengashlariga nomzodlar ishtirokidagi uchrashuv, avvalida, Oliy Majlis deputatligiga nomzod Ma’rufjon Rahmonov o‘z saylovoldi dasturi bilan uchrashuv ishtirokchilarini tanishtirdi.

– Partiyamiz o‘z saylovoldi dasturida “Erkin va farovon, qudratli yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz!” shiori ostida barqaror iqtisodiy o‘sish orqali har bir inson, oila va jamiyat farovonligiga erishishni asosiy maqsadlardan biri sifatida belgilagani barchaga ma’qul kelmoqda, – deydi Ma’rufjon Rahmonov. – Qolaversa, har bir tumanda kamida mingta ish o‘rni yaratadigan ikkitadan yangi sanoat zonalarini tashkil qilish, axborot kommunikatsiya texnologiyalari xizmatlari eksporti 5 milliard dollarga olib chiqilishi ko‘zlangani ham yurtimizning barqaror iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qilishi muqarrar ekanligi O‘zLiDeP dasturida aks etgan. Bu tabiiyki, bizga xayrixoh saylovchilarning e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.

O‘zLiDeP Namangan viloyati kengashi tomonidan Yangiqo‘rg‘on tumanidagi madaniyat markazida “26-Namangan” saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod – O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi dotsenti Dilmurod Ortiqov ishtirokida saylovchilar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar hamda partiya faollari, yangiqo‘rg‘onlik saylovchilar hozir bo‘ldi.
– Saylov jarayonlarida saylovchilarning ahamiyati kattaligini hammamiz yaxshi bilamiz. Vatanimiz kelajagi, uning farovonligi, yanada taraqqiy etishi, saylovchilarning faolligi, siyosiy jihatdan yetukligi joriy yilning 27 oktyabrda bo‘lib o‘tadigan saylovlarda fuqarolarning o‘z taqdiri, orzu va istaklari ro‘yobga chiqishi uchun ovoz berishida namoyon bo‘ladi, – deydi Dilmurod Ortiqov. – Shu jumladan, O‘zLiDeP ushbu saylovlarda “Mening tanlovim – obod vatanim” shiori ostida qatnashayotganida ham ulkan ma’no va mazmun mujassam. Partiyamiz dasturining e’tiborga molik jihatlaridan biri, unda iqtisodiyotda davlat ishtirokini keskin qisqartirish, davlat mulkini xususiylashtirish orqali xususiy sektor ulushini oshirish, monopol sohalarni bozor tamoyillariga o‘tkazish kabi takliflar o‘rin olgan. Partiyamiz davlat organlari mansabdor shaxslarining tadbirkorlik faoliyatiga aralashuvini bekor qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishga, ishbilarmonlarning ishiga har qanday noqonuniy usulda aralashganlik uchun davlat organlari mansabdor shaxslarining javobgarligini kuchaytirishga va’da berayotganligi tahsinga sazovor.
Uchrashuvlar davomida muzokara uchun so‘zga chiqqan saylovchilar Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi dasturiga qiziqish bildirib, bo‘lajak saylovlarda O‘zLiDeP va ushbu partiyadan ko‘rsatilgan nomzodlarni qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.