Oziq-ovqatlar sifati eng muhim omil
Buxoroda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun mahsulotlarni tashish, saqlash va iste’molchiga sifatli yetkazib berish jarayonlariga bag‘ishlangan press-tur tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari Buxorodagi yirik savdo majmuasi misolida oziq-ovqat va boshqa turdagi mahsulotlarning tashib kelinishidan tortib, ularni qadoqlash, belgilangan tarzda saqlash va sifat ko‘rsatkichlarini nazorat qilish jarayonlari bilan tanishtirildi.
To‘g‘ri xalqimiz orasida iste’mol madaniyati degan tushuncha hali u qadar rivojlanmagan. Shundanmi, biz odatda xarid qilayotgan mahsulotlarning saqlanish shartlari, yaroqlilik muddatlariga ko‘p ham e’tibor qaratmaymiz. Xususan, bozorlar va ochiq savdo nuqtalarida quyosh tig‘i ostida sotilayotgan mahsulotlar sifati haqida hech qanday tasavvurga ega bo‘lmay turib ham xarid qilaveradiganlar bor. Vaholanki, mahsulotning saqlanish shartlariga amal qilish uning sifat ko‘rsatgichlarida muhim o‘rin tutadi.
[gallery-9513]
Savdo markazi xodimlari jurnalist va blogerlarga o‘zlarida mavjud tartiblar va mahsulot sifatini saqlashga qaratilayotgan e’tibor haqida batafsil gapirib berdi. Tashkilotchilar tomonidan yurtimizda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida xizmat ko‘rsatayotgan davlat va jamoat tashkilotlari, ularning funksiya va vazifalari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 10 noyabr – 1989 yil Butunjahon sifat kuni deb qabul qilingan. Har yili dunyoning 80 dan ortiq mamlakatlarida nishonlanadigan ushbu tadbirning asosiy maqsadi – tovar va xizmatlar sifati muhimligini oshirish hamda sifat muammolariga e’tibor qaratishdan iborat.
Shu jumladan, mamlakatimizda ham iste’mol tovarlari va xizmatlar sifatini yanada oshirish bo‘yicha bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Prezidentimizning 2020 yil 10 noyabrdagi “Aholining sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, har yili noyabr oyida mamlakatimizda “Oziq-ovqat mahsulotlari sifat haftaligi” tadbiri o‘tkazilishi belgilangan.
Press-tur davomida jurnalistlarning ko‘plab savollariga javob topildi. Eng muhimi ularning o‘zlari ham mahsulot xaridida e’tibor qaratish muhim bo‘lgan jihatlar haqida ma’lumotga ega bo‘lishdi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA