"O‘zgidromet" Toshkentda iflos qor yoqqanini izohladi
Bugun, 17 noyabr Toshkent shahrida iflos qor yog‘di, deya xabar berdi "O‘zgidromet" axborot xizmati.
Qordan pH (kislotalilik), elektr o‘tkazgichlilik va ion tarkibini aniqlash uchun namunalar olingan. O‘shanda qor qatlamlari qizg‘ish loy rangida bo‘lgan.
Xabarda qayd etilishicha, ifloslangan qor yog‘ishiga 4 noyabrda Qozog‘iston janubida va 16 noyabrda Buxoro viloyatida kuzatilgan qum bo‘ronlari sabab bo‘ldi. Agar Toshkentda 14 noyabrda yog‘inlar yog‘ib havo tozalangan bo‘lsa, Buxoro viloyatida yog‘inlar bo‘lmadi.
17 noyabrda respublika bo‘ylab shamolning tezlashishi hisobiga ba’zi joylarda qumli bo‘ron bilan sovuq nam havo massasi kirib keldi.
Shamol tezligidan ko‘tarilgan chang tuproq va qum rangini bo‘yab, Toshkent shahriga cho‘kkan.
Bu inson salomatligiga ziyon yetkazmasligi hamda yog‘ingarchilik natijasida havoning tozalanishi sodir bo‘lgani aytilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA