O‘zgarishlar raqamlarda emas, shahar qiyofasida namoyon bo‘lmoqda
Energetiklar shahri Shirinda 56 ta ko‘p qavatli uyni yangilash uchun 48 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, shahar infratuzilmasi, sport va ta’lim ob’ektlarini rivojlantirish, sanoat ishlab chiqarishini kengaytirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Joriy yilda «Wang Da Rolling Steel» MCHJ ga 20 million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritilib, korxonada 350 ta ish o‘rni yaratilgan.
Bu haqda ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalist va blogerlar uchun tashkil etilgan press-tur davomida ma’lumot berildi. Ishtirokchilar shaharda amalga oshirilayotgan ishlar bilan joyida tanishishdi.
Shahardagi yangilanishlar, avvalo, ko‘p qavatli uylar qiyofasida ko‘zga tashlanmoqda. Amir Temur mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Xalqlar do‘stligi ko‘chasida joylashgan 56 ta ko‘p qavatli uyni yangilash ishlari Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida uylarning tashqi fasadlari zamonaviylashtirilib, bazalt qoplamasi bilan qoplanmoqda. Hozirga qadar ishlarning qariyb 60 foizi bajarildi. Uylar atrofida obodonlashtirish ishlari olib borilib, zamonaviy yoritish tizimlari o‘rnatilmoqda, aholi uchun dam olish joylari tashkil etilmoqda.
Shahar qiyofasini yangilash bilan birga kommunal xizmatlar barqarorligini ta’minlashga ham e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda Shirin shahri uzluksiz tabiiy gaz bilan ta’minlangan bo‘lib, tarmoqdan 5 ming 712 nafar iste’molchi foydalanmoqda. Ularning 5 ming 634 nafari aholi, 78 nafari ulgurji iste’mchilardir.
[gallery-31531]
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida elektr energiyasi va tabiiy gaz tarmoqlarining barqaror ishlashini ta’minlash choralari ham ko‘rilmoqda.
Yoshlar uchun sport infratuzilmasini kengaytirish maqsadida Shirin shahar bolalar-o‘smirlar sport maktabida yangi yopiq kurash zali qurilmoqda. «Tashabbusli byudjet» loyihasi doirasida barpo etilayotgan inshoot uchun 1 milliard 648 million so‘m mablag‘ ajratilgan.
15x30 metr o‘lchamdagi, 100 nafar yoshga mo‘ljallangan zalni joriy yil noyabr oyida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Hozirda sport maktabida 1 ming 130 nafar yosh sportning turli yo‘nalishlariga jalb etilgan.
— Yangi zal yoshlarni sportga yanada kengroq jalb etish va mashg‘ulotlarni sifatli tashkil qilish uchun qo‘shimcha sharoit yaratadi, — deydi sport maktabi direktori Zafar To‘xtarov.
Ta’lim sohasida ham infratuzilmani yangilash ishlari davom etmoqda. 2025-yilda rekonstruksiya qilingan 1-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti 2026-yilda faoliyatini boshladi. 170 nafar bolaga mo‘ljallangan muassasada tarbiyalanuvchilar uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
Shahar iqtisodiy hayotida sanoat ishlab chiqarishi alohida o‘rin tutadi. Qariyb 14 gektar hududda joylashgan «Wang Da Rolling Steel» MCHJ qurilish sohasi uchun qora metall mahsulotlari ishlab chiqaradi. Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 200 ming tonnani tashkil etadi.
2026-yilning yanvar–avgust oylarida korxonada 140 ming tonna mahsulot ishlab chiqarildi. Ishlab chiqarishni rivojlantirish maqsadida joriy yilda 20 million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritildi. Korxonada 350 ta ish o‘rni yaratilgan.
Mahsulotlar ichki bozorga yetkazib berilishi bilan birga, ularning bir qismi Tojikistonga eksport qilinmoqda.
Korxona direktori Chen Zong Jianning ta’kidlashicha, loyihani amalga oshirish uchun Shirin shahrida zarur infratuzilma va sharoitlar mavjud.
Press-tur ishtirokchilari shahar hayotining turli yo‘nalishlariga oid ob’ektlarda bo‘lib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishishdi. Ko‘p qavatli uylar, kommunal tarmoqlar, sport va ta’lim muassasalari hamda sanoat korxonasidagi jarayonlar shahardagi o‘zgarishlarning asosiy yo‘nalishlarini ko‘rsatdi.
Tadbir yakunida Shirin shahar hokimi Dilfuza Qambarova ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda shaharning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va kelgusidagi vazifalar xususida atroflicha so‘z yuritildi.
— Islohotlarning natijasi, avvalo, inson hayotida namoyon bo‘lishi kerak. Shirinda amalga oshirilayotgan ishlar ham odamlar uchun munosib sharoit yaratish, yoshlarni ish bilan ta’minlash, oilalar daromadini oshirish va shaharni yanada obod qilishga qaratilgan. Bugun ko‘rib tanishgan o‘zgarishlar hali boshlanishi, xolos. Oldimizda qator vazifalar turibdi. Eng muhimi, yangilanishlar nafaqat shahar qiyofasida, balki har bir oila va inson hayotida sezilishi kerak. Bu boradagi ishlarni izchil davom ettiramiz, — dedi shahar hokimi.
Press-turda jurnalistlar shahar hayotining turli yo‘nalishlariga oid savollar bilan mas’ullarga murojaat qilishdi. Savollarga javob berish asnosida mavjud muammolar, ularni hal etish choralari va kelgusidagi rejalar xususida ham ma’lumotlar berildi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA