"O‘zenergoinspeksiya": fermer xo‘jaligi 3,2 milliard so‘mlik elektr energiyasini noqonuniy ishlatgan
"O‘zenergoinspeksiya" axborot xizmati ma’lum qilishicha, Xorazm viloyatida mazkur tashkilot hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbiri chog‘ida Urganch tumanida joylashgan "D.R." fermer xo‘jaligining qonunbuzarlikka qo‘l urgani fosh etildi.
Tekshiruv jarayonida fermer xo‘jaligiga qarashli suv nasosi elektr hisoblagichining ulanish sxemasi o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirilgani, shu orqali elektr energiyasidan noqonuniy tarzda foydalanib kelinayotgani aniqlandi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur qoidabuzarlik oqibatida elektr ta’minoti korxonasiga 3 milliard 256 million so‘m zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi.
Hozirda holat yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA