O‘zbekistonning SHHTga raisligi yuksak e’tirof etilmoqda
Hozirgina Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishi yakuniga yetdi.
Yuqori darajadagi anjumanda tashkilot Bosh kotibi Chjan Min, a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari, Milliy koordinatorlar va xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizning tashkilotga raislik doirasidagi alohida faolligini yakdil e’tirof etishdi. Xususan, hozirgacha amalga oshirilgan samarali ishlar, muhim soha va yo‘nalishlarni taraqqiy ettirishga qaratilgan tashabbuslar qayd etildi. Samarqandda o‘tadigan asosiy voqea – Prezidentlar sammiti xususida fikr bildirildi.
Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi:

– O‘zbekistonning tashkilotdagi raisligini bundan buyon ham har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligimizni ma’lum qilaman. Ishonchim komilki, bugungi uchrashuv bo‘lajak Samarqand sammitini mazmunan boyitishga xizmat qiladi.
Hindiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar:
– Hindiston O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi mislsiz sa’y-harakatini olqishlagan holda, mamlakatning faol va dolzarb tashabbuslariga doimo xayrixohligimizni izhor etamiz. SHHTning Samarqand sammiti muvaffaqiyatli o‘tishiga ham hech qanday shubha yo‘q.
Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi a’zosi, tashqi ishlar vaziri Van I:
– O‘zbekiston tomoni SHHTga raislik davrida tuzilma rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Birgalikda rejalashtirilgan ulkan ishlarni amalga oshirishga yaqindan ko‘maklashmoqda.
Qirg‘iziston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev:
– Qirg‘iziston tomoni xalqaro maydondagi, qolaversa, mintaqamizdagi voqelik, mavjud shart-sharoitdan kelib chiqib O‘zbekiston Respublikasi raisligi doirasida belgilangan ustuvor vazifalarni qizg‘in ma’qullaydi.
Shuningdek, yig‘ilish arafasida Toshkentda O‘zbekiston tashabbusi bilan o‘tkazilgan Afg‘oniston bo‘yicha nufuzli xalqaro konferensiya ham juda foydali va umidbaxsh bo‘ldi.
Pokiston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Bilavol Bxutto Zardoriy:
– Pokiston O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish va samarali transport yo‘laklarini yaratish bo‘yicha hamkorlik konsepsiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.
Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov:
– SHHTga raislik doirasida ilm-fan va texnika, madaniyat, sog‘liqni saqlash, turizm sohalarida va yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘tkazilgan ko‘plab tadbirlarni yuqori baholaymiz. Hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasi turizm sohasidagi hukumatlararo bitim va muzey ishi bo‘yicha memorandum bilan to‘ldiriladi.
Shuningdek, O‘zbekiston tashabbusi bilan transport bog‘liqligiga erishish, energetika sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, “aqlli” qishloq xo‘jaligi va raqamli transformatsiyani, hududlararo aloqani rivojlantirish, yuqori texnologiya va innovatsiyalar joriy etishga qaratilgan puxta hujjatlar to‘plami ishlab chiqilgani ham diqqatga sazovor.
Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin:
– Biz O‘zbekiston tomoni tashabbusi bilan ishbilarmon doira vakillari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish rejasini ishlab chiqish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha hamkorlik dasturi qabul qilinishi rejalashtirilganini olqishlaymiz.
Behruz Xudoyberdiyev,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA