O‘zbekistonning Qirg‘iziston bilan hamkorligiga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “S5+1” formatidagi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida ishtirok etish uchun Samarqand shahriga kelgan Qirg‘iz Respublikasi tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayevni qabul qildi.
Tashqi siyosat idorasi rahbari mamlakatimiz yetakchisiga Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston – Qirg‘iziston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Prezidentimizning joriy yil iyul oyida Qirg‘izistonga amalga oshirgan davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratildi.

Tovar ayirboshlash hajmining ijobiy o‘sish sur’ati, yetakchi korxonalar va hududlar o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalari yo‘lga qo‘yilgani, energetika va transport sohalarida yirik mintaqaviy loyihalar amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Kelgusi yilga mo‘ljallangan madaniy-gumanitar tadbirlar va hududlar darajasidagi almashinuvlar rejasini qabul qilish muhimligi ta’kidlandi.
Tomonlar Markaziy Osiyo mintaqasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.